Koʼchat oʼtkazish savob – bu “Yashil makon”ga javob
Dunyoviy va diniy taʼlimotda xayrli amallardan biri koʼchat oʼtkazish, bogʼ-rogʼlar barpo etish ekani taʼkidlanadi. “Qaysi musulmon ekin eksa, undan yeyilsa unga sadaqa boʼladi, oʼgʼirlangani ham uning uchun sadaqadir, yirtqichlar yegani ham uning uchun sadaqadir. Oʼsha ekindan birortasi manfaat olsa uning uchun sadaqa boʼladi”, - deyiladi nodir bitiklarda.
Ushbu hadisdan koʼchat ekish, dehqonchilik qilish nechogʼlik ulugʼ va fazilatlik kasb ekani maʼlum boʼladi. Dehqon nafaqat bu dunyoda balki vafotidan keyin ham unga savob yetib turadi. Аbul Hasan Mavardiy "Dunyo va din odobi" kitobida: “Kasblarning asl ustuni uch narsaga bogʼliq. Ular Ziroat, tijorat va sanoatdir. Menimcha dehqonchilik kasblarning eng pokizasi va afzalidir” deganlar.
Maʼlumki, Odam alayhissalom yerni haydab, bugʼdoy ekkan. Yerni sugʼorib hosil yetishtirgan bugʼdoyni yanchib xamir qorgan. Dehqonchilik va chorva bilan shugʼullanganlari uchun Odam alayhissalomning hayotlarida goʼzal namunalar bor. Muhammad paygʼambar ummatlarini koʼchat oʼtkazish va ekin ekishga targʼib qilganlar. Аytishlaricha, yerga qadalgan har bir urugʼ unib chiqishi bilan birga, toinki quriganicha Аlloh taologa tasbeh aytarkan.
Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari “Yashil makon" dasturi umummilliy loyihasi doirasida muayyan tumanlarga biriktirilgan. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga Sergeli tumanidagi “Fayzli” va “Jaloyir” mahalla fuqarolari yigʼini hududi berilgan.
Birinchi prorektor R. Choriyev boshchiligida Universitetimizning turli boʼlimlarida faoliyat yurituvchi 50 nafar xodim bu tashabbus doirasida koʼchat oʼtkazishga kirishishdi. Bugunning oʼzidayoq, 960 tup mevali va manzarali daraxtlar ekilganidan mahalla fuqarolari ham rosa shod boʼlishdi. Mahalla nuroniylari, oqsoqollar roʼzai Ramazon kunlarida yangi Oʼzbekistonning fidoyi va faol insonlariga uzoq umr tilab yurtimizni yanada obod boʼlishini duo qilishdi.
Universitet matbuot xizmati