TIQXMMI yangiliklari

img
23.12.2021

Kitob – millatning madaniy va ma'naviy merosi

Joriy yilning 22 - dekabr kuni M. Ulug'bek tumani Axborot kutubxonalar markazida “Kutubxonalar – ma'naviyat maskanlaridir” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir boshlangunga qadar kutubxona xizmatlar bo'limi xodimasi L.V. Kandaurova “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K. Muxamedova, YeRB fakulteti tyutori D. Xursandova va YeRB fakulteti 106-guruh talabalariga kutubxonada mavjud kitoblar va shart – sharoitlar to'g'risida to'lqinlanib so'zlab berdi. Suhbat davomida barcha ishtirokchilar kutubxonada har xil mavzularga oid  nemis tilidagi kitoblarning mavjudligi va bu kutubxonaga a'zo bo'lish mumkinligi to'g'risidagi ma'lumotlarni olishdi. Qulay vaziyatdan foydalangan talabalar kutubxonaga a'zo bo'lishdi.

Universitetimizdagi nemis tiliga qiziquvchi talabalarga bu  kutubxonaga a'zo bo'lishlarini tavsiya etib qolamiz. Bu yerdagi kitoblar bazasi Gyote instituti bazazinikidan ancha boy ekaniga guvoh bo'ldik.

Birozdan so'ng tadbir boshlandi.

Tadbirda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashi huzuridagi “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, shoir N.B. Botirov, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi M. Ulug'bek tuman bo'linmasi rahbari D.A. Jumaniyazova, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo'yicha qo'mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi M. Ulug'bek tuman bosh mutaxassisi A. Amanov va Lashkarbegi MFY oila, xotin-qizlar  va ijtimoiy ma'naviy masalalari bo'yicha rais o'rinbosari Z.M. Rasuliylar so'zga chiqishdi.

Tadbir davomida kitob – insonnint eng yaqin do'sti va maslahatchisi, aql qayrog'i va bilim manbai ekani, kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo'lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo'tabar deb hisoblaganliklari, shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, o'qishga ishtiyoq xalqimiznint qon-qoniga singib ketgani, kishining madaniyati uning kitobida aks etishi haqida fikrlar yuritildi va Hazrat Ali roziyallohu anhuning: "Ilm mol-dunyodan yaxshidir, chunki ilm seni nojoiz ishlarni qilishdan saqlaydi. Molni esa o'g'irlab ketmasliklari uchun o'zing qo'riqlaysan. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa tarqatish bilan yanada ziyoda bo'laveradi", - degan dono so'zlari keltirib o'tildi.

Tadbirga yig'ilgan barcha ishtirokchilar kitob haqida, ilm olish haqida o'zlari uchun foydali bo'lgan axborotlarni olishdi.

Tadbir Abdurahmon Jomiyning:

Kitobdan yaxshiroq do'st yo'q jahonda,

G'amxo'ring bo'lgay u g'amli zamonda,

U bilan qol tanho, hech bermas ozor,

Joningga yuz rohat beradi takror.

- degan purma'no to'rtligi bilan o'z nihoyasiga yetdi.

 

TIQXMMI MTU matbuot xizmati