E'lonlar

07.12.2022

"Journal of Hydraulic and environmental yengineering" jurnalida chop etish uchun maqolalarni rasmiylashtirish bo‘yicha umumiy qo‘yiladigan qoidalar va talablar

"Journal of Hydraulic and environmental yengineering" ilmiy-texnik jurnali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 2022-yil 6-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan (guvohnoma №041857). Jurnal muassislari: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti. Xalqaro standart seriya raqami - ISSN 2181-3949. "Journal of Hydraulic and environmental yengineering" ilmiy-texnik jurnali bir yilda 2 marta – har chorak yakunlari bilan chop etiladi.

1. ETIKA ME’YORLARI VA MUALLIFLIK HUQUQI Tahririyatga taqdim etilgan materiallar ilgari boshqa nashrlarda chop etilgan yoki boshqa nashrlarda ko‘rib chiqilayotgan bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun muallif tahririyatga ushbu shaklda nashr etish uchun taqdim etgan materialini barcha hammualliflar va ish bajarilgan tashkilot nomidan kafolatlanishi kerak. Nashrga qabul qilingan maqolani jurnal tahririyatining yozma roziligisiz ularni boshqa tillarga tarjima qilib takroran chop etmaslik kafolatini oladi. Shuningdek, muallif jurnalning etika me’yorlari bilan tanishganligi, roziligi va keltirilgan barcha mas’uliyatlarni zimmasiga olganligini tasdiqlashi kerak. "Journal of Hydraulic and environmental engineering" ilmiy-texnik jurnali.

2. "JOURNAL OF HYDRAULIC AND ENVIRONMENTAL YeNGINEERING" ILMIY-TEXNIK JURNALIDA YORITILUVChI MAVZULAR: - fizika, mexanika, ekologiya, gidravlika, gidrologiya, injerenerlik gidrologiyasi, shaharlar va sug‘oriladigan yerlar gidrogeologiyasi, gidrotexnik inshootlar gidravlikasi, suv omborlardagi gidravlik va gidrologik jarayonlar, o‘zandagi erozion va akkumulyativ jarayonlar, suv omborlar, ko‘llar gidrologiyasi, gidromeliorativ tizimlardan foydalanish, atrof-muxit iqtisodiyoti, resurs tejovchi texnologiyalari, iqlim o‘zgarishlarining suv resurslariga ta’sirlari, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, sanoat korxonalardan chiqadigan chiqindilarni tozalash va utilizatsiya qilish texnologiyalari, atmosfera havosini muhofaza qilish hamda turli tuproq, suv va atmosferada bo‘ladigan salbiy texnogen jarayonlarining oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berish, kelgusi avlodlar uchun ekologik sof, toza mahsulot ishlab chiqish ularni asrab-avaylashga qaratilgan tadqiqotlarni keng targ‘ib etish, sohaga doir yangiliklar, ilmiy-amaliy ishlar, innovatsion g‘oyalar va ishlab chiqarishdagi yutuqlarni ommalashtirish, gidravlika va atrof-muxit sohasida GAT texnologiyalari sohalaridagi ilmiy va amaliy tadqiqotlar va ularning eng so‘ngi natijalarini, fan va texnika yangiliklarini, original ilmiy maqolalarini o‘z sahifalarida yoritib boradi. "Journal of Hydraulic and environmental engineering" ilmiy-texnik jurnali tahririyati umumiy sharhdan va axborot shaklidagi ilmiy maqolalarni nashr uchun qabul qilmaydi. Tahririyatga taqdim etilayotgan qo‘lyozma bo‘yicha muallif ilmiy-tadqiqot ishi olib borayotgan tashkilot rahbariyatining yo‘llanma xati, maqolani chop etish mumkinligi haqidagi ekspert xulosasi hamda taqriz bo‘lishi kerak.

3. MAQOLANING YOZILISh TILI, TUZILIShI VA TARKIBI Maqolalar ingliz tilida qabul qilinadi. Maqola keng omma uchun tushunarli tilda, grammatika qoidalariga amal qilgan holda yozilgan bo‘lishi kerak. Maqola o‘zida muayyan ilmiy tadqiqotning tugal yechimlarini yoki uning bosqichlarini ifodalashi zarur. Sarlavha maqolaning mazmuni to‘g‘risida axborot bera olishi, imkon qadar qisqa bo‘lishi va umumiy so‘zlardan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Odatda ilmiy maqolada quyidagilar bo‘lishi kerakmaqolaning sarlavhasi (uch tilda), annotatsiyasi (uch tilda), tayanch so‘zlar (uch tilda), kirish, ko‘rib chiqilayotgan muammoning hozirgi holatining tahlili va manbaalarga havolalar, masalaning qo‘yilishi, yechish usuli (uslublari), natijalar tahlili va misollar, munozaralar, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati, muallif(lar) to‘g‘risida ma’lumot. Maqolada odatda qabul qilingan atamalardan foydalanish, yangi atama kiritganda, albatta uni aniq asoslab berish kerak. Fizik kattaliklarning o‘lchov birliklari Xalqaro o‘lchamlar tizimi (SI) ga mos bo‘lishi kerak. Jurnalga ilgari e’lon qilinmagan maqolalar qabul qilinadi. Maqolada muallif o‘zining ishlariga havolalar soni haddan ziyod oshirib yubormasligi, ko‘pi bilan 10 foizgacha bo‘lishi tavsiya etiladi. Tahririyat ko‘chirmachilik (plagiat), o‘zgalarning ishlarini o‘zlashtirib olishga salbiy qaraydi. Shuning uchun mualliflardan ishga jiddiy munosabatda bo‘lishi va havola qilish qoidalariga bo‘ysunishi: kvadrat qavs ichida bibliografik havolani qo‘yishni yoddan chiqarmasligi so‘raladi.

4. MAQOLAGA QO‘YILADIGAN TEXNIK TALABLAR Maqolaning sarlavhasi (uch tilda), muallif (lar) va u(lar)ning lavozimi (uch tilda), ilmiy darajasi va ish joyi (uch tilda), elektron manzillari, ORCID raqami, annotatsiya (uch tilda), tayanch so‘zlar (uch tilda) bir ustunda yoziladi. Maqolaning qolgan matnlari ikki ustunda yoziladi. Maqola MS Word matn muharririda yozilishi va quyidagi ko‘rsatkichlarga muvofiq qat’iy rasmiylashtirilishi kerak: - A4 formatda, matn sahifasining chekkalarida 2 sm. dan joy qoldiriladi, Times New Roman shriftida, maqola uchun shrift hajmi - 12 pt, jadvallar bundan mustasno, jadvallar uchun shrift hajmi - 10 pt, qator oralig‘i - 1,15 interval, matn sahifa kengligi bo‘yicha tekislanadi, xat boshi - 1 sm ("Tab" yoki "Probel" tugmalaridan foydalanmasdan).

 Quyidagilarga ruxsat etilmaydi: - sahifalarni raqamlash, matnda sahifani avtomatik bo‘lishdan foydalanish, matnda avtomatik havolalardan foydalanish, avtomatik bo‘g‘in ko‘chirish, kamdan-kam hollarda ishlatiladigan yoki qisqartma harflarni qo‘llash.

Jadvallar MS Word dasturida yoziladi. Jadvalning tartib raqami va nomi jadvalning yuqorisida yoziladi.

Grafikli materiallar (rangli rasmlar, chizmalar, diagrammalar, fotosuratlar) o‘zida tadqiqotning umumlashtirilgan materiallarini ifodalashi kerak. Grafikli materiallar yuqori sifatli bo‘lishi kerak, agar zarurat tug‘ilsa, tahririyat ushbu materiallarni alohida faylda 300 dpi dan kam bo‘lmagan o‘lchamda jpg formatda taqdim etishni talab qilishi mumkin. Grafikli materialning nomi va tartib raqami pastki qismda keltirilishi zarur.

Formulalar va matematik belgilar MS Wordda o‘rnatilgan formatli muharrirda yoki MathType muharriri yordamida bajarilishi kerak. Jadvallar, grafikli materiallar ko‘rsatilgan maydondan chiqib ketmasligi lozim.

Tayanch so‘zlar (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) – 5-8 ta so‘z va iboralardan iborat bo‘lishi kerak. Tayanch so‘zlar va iboralar bir-biridan vergul bilan ajratiladi. Keltirilgan tanyach so‘zlar tadqiqot mavzusini juda aniq aks ettirishi shart.

Annotatsiya (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) – annotatsiya hajmi 100-250 ta so‘zdan iborat bo‘lishi va maqolaning tuzilishini qisqacha ifodalovchi, axborot shaklida berilishi kerak.

Kirish. Kirish qismida umumiy ma’lumotlar, adabiyotlar tahlili natijalari, tadqiqotlarning dolzarbligi, ilmiy muammo hamda tadqiqot maqsadi va vazifalari tavsiflanadi. Dunyo olimlari tomonidan chop etilgan ilmiy maqolalarning tahlili keltiriladi. Chop etilgan adabiyot manbalarida qo‘yilgan ilmiy izlanishlarning yechimi yo‘qligi tasdiqlangan holda muallifning ilmiy ishlari qaysi olimlarning ishiga asoslanganligi ko‘rsatiladi.

Yechish usuli (yoki uslublari). Tadqiqot ob’ekti va mazkur ilmiy ishda foydalanilgan manbalar va materiallar haqida ma’lumotlar keltiriladi. Tanlangan usul batafsil tavsiflanadi. Keltirilgan yoki qo‘llanilgan uslub boshqa tadqiqotchilar uchun ham tushunishiga qulay bo‘lishi kerak. Foydalanilgan ma’lumotlar va ularni qanday olingani ham yoritilishi kerak bo‘ladi.

Natijalar va muhokamalar. Natijalarni asosan jadvallar, grafiklar va boshqa suratlar ko‘rinishida keltirish tavsiya etiladi. Ushbu bo‘lim olingan natijalarni tahlil qilish, ularni sharhlash, boshqa mualliflarning natijalari bilan solishtirish, hamda statistik tahlillarni o‘z ichiga oladi. Mazkur bo‘limda ilmiy-tadqiqotlar natijalari umumlashtiriladi. Natijalar tadqiqotning ob’ekti parametrlari o‘rtasidagi munosabatlar mualliflar tomonidan belgilangan maqolaning asosiy ilmiy natijalarini umumlashtiruvchi, sonli xulosalarni o‘z ichiga oladi. Natijalar maqola boshida qo‘yilgan vazifalar bilan mantiqan bog‘langan bo‘lishi kerak.

Xulosa. Ilmiy ishlarining qisqa natijalari keltiriladi, ularning ichida izlanishning usuli, yangi yechimi, amaliyotda qo‘llanishning natijalari va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘lishi kerak.

Adabiyotlar. Adabiyotlar ro‘yxati 20 tadan kam bo‘lmagan manbalardan iborat bo‘lishi hamda APA (American Psychological Association version 7) formatidagi iqtiboslik shaklidan foydalanilishi kerak, topilishi qiyin bo‘lgan va normativ hujjatlar, bundan tashqari internet manbalarida keltirilgan havolalar (davriy hujjatlar hisobga olinmaydi) bundan mustasno. Adabiyotlar ro‘yxatiga darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari kiritish mumkin emas. Ko‘pchilik adabiyotlar ingliz tilida so‘zlovchi xalqaro kitobxonlar uchun ochiq va tushunarli bo‘lishi kerak (maqolaning mahsus DOI raqami ko‘rsatilishi kerak). Manbalarning ahamiyatliligiga qattiq talablar qo‘yiladi. Barcha manbalar maqolaning ichki qismida raqamlangan havola tarzida berilishi kerak. Matndagi havolalar kvadrat qavs ichida (masalan, M.Juliev [7], [9, 10]) keltiriladi. Barcha manbalarga matnda havolalar berilishi kerak, aks holda maqola qaytariladi.

Muallif (lar) haqida ma’lumot: familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, ilmiy darajasi va ish joyi. Ushbu ma’lumotlar maqola taqdim etilgan o‘zbek/rus tilida ham, ingliz tilida ham keltirilishi hamda maqolaning oxirida – adabiyotlar ro‘yxatidan keyin joylashtirilishi kerak.

 Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan maqolalar ko‘rib chiqishga qabul qilinmaydi va chop etishga tavsiya qilinmagan maqolalar mualliflarga qaytarilmaydi.

Maqolalarda keltirilgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga muallif(lar) javobgardir.

Tahririyat manzili: 100000, Toshkent shahri, M.Ulug‘bek tumani Q.Niyoziy 39 uy. "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti, 4-etaj, 402 -xona. Tel.: +99871 237-19-80

E-mail: hee.journal@gmail.com, hee.journal@tiiame.uz

Muassis: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti

Manzilimiz: 100000, Toshkent sh., M.Ulug‘bek tumani Qori Niyoziy ko‘chasi 39 uy. G-bino, 402-xona. Tel.: +99871 237-19-71  

E-mail: hee.journal@gmail.com, hee.journal@tiiame.uz

«Journal of Hydraulic and environmental engineering» jurnali ilmiy-amaliy, gidravlika, atrof muhit injenerligi, gidrologiya va suv resurslarni boshqarish sohaga ixtisoslashgan. Jurnal O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida 2022-yil 6-oktabrda №041857-raqam bilan ro‘yxatga olingan.