Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida sohaviy kuzatuv ishlari
“Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi bir guruh professor-o‘qituvchilari Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to’g’risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4801-son Qarori doirasida 2021 - yilning 4 -6 - noyabr kunlari Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash jarayonlarini bevosita obyektlarda kuzatish ishlari olib borildi.
Tashrif davomida Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi “Mirzacho‘l”, “Abay”, “Yangidala” va “Paxtazor” hududlaridagi lotok tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, Sh.Rashdov tumanidagi “Olmachi”, “Ravalliq”, “Qaliya” kanallarini rekonstruksiya qilish jarayonlarida kuzatuv ishlarini olib bordilar. Muloqot davomida “Jizzaxsuvqurilishinvest” Davlat unitar korxona texnik nazorat bo‘yicha muhandisi Z.Akromov va Mirzacho‘l tumanidagi lotok tarmoqlarida rekonstruksiya ishlarini olib borayotgan va “Turon” KTK muhandislari bilan qurilish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan suhbat olib borildi. Mavjud muammolarni ilmiy texnik yechimi bo‘yicha maslahatlar berildi.
Sh.Rashidov tumanidagi “Qaliya”, “Olmachi”, “Ravalliq” kanallarini rekonstruksiya qilish ishlarini olib borayotgan “Durdona-Shaxzoda” MChJ korxonasi muhandisi H.O‘razboyev va xodimlari bilan suhbat olib borildi. Kanallarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan loyqa bosish xavfini oldini olish, beton qoplamalarining sifatliligini oshirish, daraxt ko‘chatlariga zarar yetkazmay qurish usullari, , beton kanallarning qish faslida sovuqdan yorilishini oldini olish, nov kanallardan dalalarga suv olishda novlarga zarar yetkazmasdan sifonlardan foydalanish bo‘yicha suhbatlar olib borildi va ilmiy asoslangan maslahatlar berildi. Tashrif davomida quruvchi pudratchilar tomonidan bildirilgan takliflar, qurilish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar o‘rganib chiqildi. Mazkur takliflarni umumlashtirgan holda suv xo‘jaligi sohasiga ilm-fan yutuqlarini, suvni tejovchi texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni, suv xo‘jaligi va suvdan foydalanish tizimini boshqarishning innovatsion usullarini joriy qilish bo‘yicha ilmiy va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish maqsad qilib olindi.
TIQXMMI matbuot xizmati