“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi bilan
Ongli, intellektual salohiyatli avlod mamlakat istiqboliga mezon bo‘la olishi haq. Shunday ekan, u jaholat va ma’rifat tushunchalarining mohiyatini yaxshi idrok etadi. Har xil ta’sirlarga berilmaydi. To‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaydi.
“Jaholatga qarshi ma’rifat” ruknida o‘tkazilayotgan tadbir oliy o‘quv yurtlarining aksariyatida o‘tkazib kelinmoqda. Respublika Davlat xavfsizlik xizmati va Diniy qo‘mita hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu tadbir yoshlarning ongi va dunyoqarashining ijobiy ma’noda o‘zgarishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgani rost. Bugun ana shu tadbir universitetimizning madaniyat saroyida o‘tkazildi. Tadbirni universitetning birinchi prorektori Ro‘zimurat Choriev o‘zining kirish so‘zlari bilan ochib berdi.
Xalqaro Islom akademiyasining doktoranti Meliqo‘ziev Jahongir Valijonovich tomonidan o‘tkazilgan talabalar bilan tashkil etilgan interfaol usul o‘zining mohiyat e’tibori bilan ta’sirchan, tushunarli tarzda olib borildi.
Kiyinish madaniyati, e’tiqod erkinligi, har xil ekstremistik oqimlar ta’siriga tushmaslik, internetdan o‘rinli, maqsadli foydalanish kabi masalalar borasida jonli suhbat tashkil etildi. Talaba va o‘qituvchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha to‘liq javob olishdi.
Universitet matbuot xizmati