TIQXMMI yangiliklari

img
25.01.2022

Istiqbol tayanchlari va talablar

Bugungi tahlikali zamon doimiy harakatda bo‘lishni sergaklik va ogohlikni talab etayotgani sir emas. Shu o‘rinda yunon mutafakkiri Aristotelning ushbu mulohazasi e'tiborga sazovordir.  “Jamiyatining ertasi yoshlarga beriladigan tarbiya bilan bog‘liq”. Darhaqiqat,  yoshlarga e'tibor mamlakatning istiqboliga e'tibordir. Xuddi shu mezonni chuqur idrok etgan millatimiz sardori Shavkat Mirziyoyev yoshlarni kelajak bunyodkorlari, Uchinchi Renessansning tayanchi sifatida e’tirof etishlari bejiz emas. Ana shu maqsadning amaliy  ifodasi sifatida Prezidentimiz tomonidan yaqinda qabul qilingan qaror mahalla, ta’lim muassasasi va yoshlar  masalasida hayotiy yo’llanma va qo’llanma bo’ldi desak, mubolag’a emas.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori (19.01.2022 yil) mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir.  Bugun universitetimizda mazkur qarorning ijro tizimi bilan bog’liq yig’in tashkil etildi. Tadbirni universitet rektori Mirzayev Bahodir Suyunovich boshqarib bordi. Dastavval, qarorning ijrosi borasida qanday ishlar amalga oshirilishi zarurati yuzasidan universitetning birinchi prorektori Ruzimurat Choriyev chiqish qildi. So’ngra universitet yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo’yicha bo’lim boshlig’i Zuhriddin Haydarov qarorning mazmun-mohiyati bilan taqdimot dasturi orqali mufassal ma’lumot berdi. U jumladan, qarorda qayd etilganidek, Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv meхanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish maqsadida har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilganini ta’kidladi.

 So’ngra yoshlar toʻgʻrisidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish, yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini ragʻbatlantirish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishlariga koʻmaklashish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi boʻlgan yoshlar bilan tizimli ishlash kabi masalalar yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari ekanini qayd etdi. Universitet rektori bu masala to’g’risida aniq va tizimli vazifalarni qog’ozga tushirib yana bir marta yig’ilish tashkil etish va  ijrosi nuqtai nazardan jadal ishga kirishish vazifasini yukladi.

 

Universitet matbuot xizmati