TIQXMMI yangiliklari

img
17.03.2022

Ishga marhamat

Yaqindagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Unda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha tizimni joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu ishlar ikkita muhim yo‘nalishda tashkil qilinishi zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Birinchisi – yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchisi – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishdir.

“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga joylarda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi Yig‘ilishda bu muammolarni manzilli hal etish uchun har bir tuman va shahar kesimidagi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgandi.

Bunga esa hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga tuman prokurori, ichki ishlar va mudofaa bo‘limi boshliqlari – uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga mas’ul bo‘lishi ta’kidlangandi.

Xuddi shu mulohazalarning ijrosi nuqtai nazaridan bugun universitetimizda “Ishga marhamat” yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbir oldidan tuman Mirzo Ulug’bek tumani prokurori Po’latov Aliakbar Rahimovich so’zga chiqib Prezident g’oyalari mamlakatimizning taraqqiyot strategiyasi bilan bog’liq ekanligini ta’kidlab o’tdi. Shundan so’ng universitet prorektori Ruzimurat Choriyev talabalarning xohishi, uquvi va layoqatiga qarab o’qish tizizmiga xalaqit qilmagan holda ishlashi mumkinligi va kelajakdagi kasbi bilan g’ururlanishlari uchun bugundan harakat qilishlari zarurligini e’tirof etdi.

Talabalar O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Uzkabel” aksiyadorlik jamiyati, “Sug’urta” kompaniyasidan kelgan mutasaddi xodimlar bilan ish masalasida o’zaro maslahatlashdilar.

O’sha daqiqaning o’zidayoq, ishlash istagi bo'lgan talabalarni M.Ulug'bek tuman bandlik markazi mas'ullaridan to'g'ridan-to'g'ri ma'lumot olishlari uchun maxsus guruh (https://t.me/+W8WzLanEadYxMWUy) tashkil etildi. Universitet yoshlar kanali bergan ma’lumotga qaraganda, unga hozirning o’zidayoq, 270 dan ziyod talaba a’zo bo’lgani quvonarlidir.

Universitet matbuot xizmati