TIQXMMI yangiliklari

img
23.08.2022

Sobiq va sodiq rektorimiz O‘ktam Pardayevich Umurzakovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman

    2022 yil 23-24 avgust kunlari “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz  davlatlarini rivojlantirish bo‘yicha universitetlar konsorsiumi raisi, MDH davlatlarining yetakchi qishloq xo‘jaligi oliy o‘quv yurtlari rektorlari kengashining a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim kengashi raisi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori lavozimlarida faoliyat yuritgan iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Pardayevich Umurzoqovning 70 yoshi va yorqin xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan “Construction Mechanics, Hydraulics and Water Resources Engineering – CONMECHYDRO 2022” (https://conmechydro.tiiame.uz)  nomli halqaro ilmiy konferensiyasi o‘z ishini boshladi.

   Konferensiyaning maqsadi qishloq va suv xo‘jaligi, gidroenergetika va qurilishni modernizatsiya qilish va innovatsion rivojlantirish, ushbu sohalarda ilmiy maktablarning uzluksizligini ta’minlash, professional kadrlar tayyorlashning yangi darajasini shakllantirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ilmiy va ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi va boshqa mamlakatlarning tadqiqotchilar, ekspertlar, professor-o‘qituvchilarning ta’lim va ilm fan manfaatlari yo‘lida birlashtirishdan iborat.

    Konferensiya doirasida fizika, qurilish materiallari nazariyasi va amaliyoti, qurilishning ishonchliligi va xavfsizligi, qurilishda muhandislik va aqlli tizimlar, qurilish inshootlarini modellashtirish, qurilish mexanikasi, qurilishda menejment, gidrotexnika va melioratsiya, mexanizatsiyalash, elektrlashtirish, qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanadigan energiya, fan va texnikaning ushbu sohalari bo‘yicha ochiq va mazmunli muhokamalar rejalashtirilib, mavjud bo‘lgan muammolarni hal qilishda yangi g‘oyalar va yondashuvlar taklif etiladi.

    Anjumanda 15 ta yo‘nalish bo‘yicha 200 taga yaqin ilmiy maqolalar kelib tushdi. Ushbu ilmiy maqolalar O‘zbekiston, O‘rta Osiyo, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Polsha, Litva va Amerika qo‘shma shatlarining olimlari tomonidan taqdim etildi. 

    Xalqaro anjumanning birinchi kuni – 23 avgustda yalpi majlis va Nobel mukofoti laureati Rik Limans va boshqa yetakchi olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglanib, ikkinchi kuni – 24 avgustda 5 ta sho‘bada anjumanga kelib tushgan ilmiy maqolalar taqdimotlarining muxokamalari o‘ztkaziladi.