IQLIM O‘ZGARISHI MUAMMOSI OROL DENGIZINING QURISHI OQIBATIDA KELIB CHIQQAN EKOLOGIK INQIROZNI BOSHIDAN KECHIRAYOTGAN MARKAZIY OSIYO MINTAQASI UCHUN ENG O‘TKIR MUAMMOLARDAN BIRIGA AYLANMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi organi “Xalq so‘zi” gazetasining bugungi (25.11.2023) sonida «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universiteti rektori, professor Bahodir MIRZAEVning “Global miqyosda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bugungi kunda yashil maydonlarni kengaytirish va bu yo‘nalishda o‘zaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi” nomli maqolasi chop etildi.
Joriy yilning-1-2 dekabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi doirasida Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar bo‘yicha jahon sammitini o‘tkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, unda aynan shu muammolar yechimini muhokama qilish rejalashtirilyapti.
Dunyoning deyarli barcha mamlakati, xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi, nufuzli xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari to‘planadigan ushbu forum iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish, iqlim bo‘yicha strategiyalar va “yashil” energetikaga o‘tishni moliyalashtirish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Olimlar Yer sayyorasida cho‘llanishning asosiy sabablari sifatida aholi sonining ko‘payib borayotgani, o‘rmon va daraxtzorlar kesilayotgani, tuproq yaylov sifatida haddan ziyod ko‘p foydalanilayotgani, tuproq eroziyasi hamda iqlim o‘zgarishini tilga oladi va bu omillarning ta’sirlarini kamaytirishga chaqiradi. Buning eng samarali yo‘llaridan biri — daraxt ekish. Ikkinchisi — qayta tiklanadigan, muqobil energiya manbalarini keng joriy etish.
Dunyo miqyosida oladigan bo‘lsak, oxirgi-20 yil ichida 4,5 milliardga yaqin odamlar iqlim o‘zgarishlari tufayli yuz bergan yirik tabiiy ofatlardan aziyat chekdi, 1,2 million kishi halok bo‘ldi, iqtisodiy zarar esa qariyb 3 trillion dollarni tashkil etdi.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida ekologik masalalarda, xususan, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Bugungi kunda mazkur masalalarda amaliy ishlarga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz.
Davlatimiz rahbarining barcha tashabbus va takliflari “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha vazifalar bilan hamohang. Strategiyada ko‘rsatilgan vazifalarga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 444 ta yashil bog‘ barpo etiladi.
Ayniqsa, yirik sanoat korxonalari bu borada jonbozlik ko‘rsatishi nazarda tutilgan. Ya’ni 112 ta yirik sanoat korxonasi uch yil davomida 30 million tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘” barpo etishi belgilangan.
O‘rmonlar maydonini kengaytirish borasida ham vazifalar ko‘zda tutilgan bo‘lib, xususan, respublikaning o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 8,1 foizga yetkazish, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 1,9 million gektarga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida qo‘shimcha 200 ming gektar yashil maydonlarni yaratish maqsad-vazifalari belgilangan.
Qisqacha aytganda, Yer yuzida global miqyosda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi zamonda, ayniqsa, bizning kam o‘rmonli mintaqamizda, asosan, qumli cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ulkan ahamiyatga ega.
Mazkur muhim omil, shuningdek, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, mahalliy aholining cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xabardorligini oshirish, yerlardan barqaror foydalanish dasturlarini ishlab chiqib, amaliyotda samarali qo‘llashni ham taqozo etadi.
Batafsil pdf shaklda.