TIQXMMI yangiliklari

img
07.10.2022

Intuitsiya – yozilmagan sahifalarni o'qish san`ati

     Joriy yilning 6-oktabr kuni GM fakulteti 1-kurs 113-guruh talabalari bilan universitet psixologi M.K.Muxamedova “Oltinchi sezgi” mavzuida davra suhbati o'tkazdi. Tadbir talabalarda ichki sezgi qobiliyatini oshirish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilarga ichki sezgi nima, uni qanday sezish mumkin, qanday rivojlantirish mumkinligi haqida tushunchalar berib o'tildi. Tadbirda M.K.Muhammedova: “Odamning ichki sezgisi, aniqrog'i, qaysidir voqea-hodisani oldindan payqay bilishi ko'p hollarda unga yordam berishi mumkin. Tasavvur qiling, falokatni sal avval qalban his etdingiz-u, oldini olish harakatiga tushdingiz. Xullas, bu qobiliyat har birimiz uchun juda zarur. Hamma ham o'tkir ichki sezgi bilan tug'ilmaydi, ammo uni rivojlantirish imkoni bor. Bu olimlar va psixologlar tomonidan tasdiqlangan.Ko'pchilik o'tkir ichki his, g'ayrioddiy qobiliyat egasi bo'lishni, voqea-hodisalarni boshqalardan ko'ra oldinroq sezishni istaydi. Va, bunday imkoniyat hammada bor! Insonning fikrlashi va aqli uchun chap yarim shari, o'zgachaligi va ilhomlanishi uchun o'ng yarim shari javob beradi.

      Agar ichki sezgingizni takomillashtirishni xohlasangiz, aynan o'ng yarim sharni rivojlantirishingiz lozim”, deb ichki sezgi haqida qiziqarli ma'lumotlar berib o'tdi.  Tadbir davomida ichki sezgini rivojlantirishning 28 usuli haqida maslahatlar berildi, o'ng yarim sharni rivojlantirish usullari haqida so'z yuritildi va tavsiyalar berildi. Tadbir savol javob tarzida bahs va munozaralarga boy holatda o'tdi. Guruh talabalari ilmga chanqoq, shijoatli yoshlardan tarkib topgani juda quvonarli holat. Ko'pchilik ishtirokchilarning fikricha ular shu vaqtgacha intuitsiya nima ekani haqida aniq ma'lumotlarga ega bo'lishmagan ekan. Tadbir ishtirokchilari o'tilgan mavzu qiziqarli ekani va o'zlari uchun yangi ma'lumotga ega bo'lishganidan mamnun ekanliklarini aytib o'tishdi. Tadbirda GM fakulteti tyutori G.Ahmedjanova ham faol ishtirok etdi va ishtirokchilarga o'z hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan holda intuitsiya haqida qiziqarli ma'lumotlar berib o'tdi. Tadbir qizg'in tarzda o'z yakuniga yetdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati