TIQXMMI yangiliklari

img
01.02.2024

Internetning inson salomatligi – hayoti va ruhiyatiga ta'siri

Joriy yilning  30 yanvar kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti psixologi M.K.Muhammedova, “Gidromelioratsiya ” fakulteti tyutori G.Ahmedjanovalar  “Gidromelioratsiya ” fakulteti binosi 608 auditoriyada “Gidromelioratsiya ” fakulteti 1-kurs talaba yoshlari bilan “Internetsiz bir kun!!!” shiori ostida seminar trening tashkil etdilar.


Zamonaviy jamiyatning deyarli har bir amaldagi jarayoniga virtualizatsiya to'liq singib ketdi. Birinchi kompьyuterlar va global tarmoq paydo bo'lganiga ko'p vaqt bo'lmagan bo'lsa-da, biroq, internet bizning hayotimizda va ongimizda allaqachon mustahkam o'rin olganligi hech kimga sir emas. Zamonamiz kishilari o'z hayotlarini mobil internetsiz tasavvur qila olmaydigan darajaga keldi. Internet bu – istagan vaqtda kerakli ma'lumot olishning  eng oson va tezkor usulidir. Ammo, har bir yangilik singari, uning ham ijobiy va salbiy tomonlari  mavjud. Ijobiy tomonlariga: sizdan ming kilometr uzoqda bo'lgan odam bilan muloqot qilish imkoniyati, kerakli ma'lumotlarni bir pastda topish mumkinligi, biror kishi bilan shaxsan uchrashishdan oldin ham muloqot o'rnatish imkoniyati, inson ma'naviyatini o'stirishga doir materiallar, elektron kitoblar, internet do'konlar, vaqtni tejash imkoniyati...

Xullas ijobiy jihatlarining son sanog'i yo'q. Ammo salbiy jihatlari ham yetarlicha topiladi. Psixologik nuqtai nazardan, Internet bizning ko'plab muammolarimizni hal qilishi bilan birgalikda, butunlay yangi, lekin juda jiddiy muammolarni yaratayotganligi: stress, depressiya, uyquning buzilishi, xavotirning kuchayishiga sabab bo'luvchi omillarning ham ko'payib borayotgani barchamizga ayon. Ushbu masalani tushunish uchun biz tanganing ikki tomonini alohida o'rganishimiz zarur. Bugungi tadbirda internetning salbiy jihatlaridan biri Kiberbulling haqida suhbat olib borildi.Tadbir davomida Kiberbulling raqamli makonda zo'ravonlikning namoyon bo'lishi ekani, bunday zo'ravonlik ijtimoiy tarmoqlarda, messenjerlarda, forumlarda va chatlarda, o'yin platformalarida sodir bo'lishi mumkinligi, Kiberbulling tasodifiy hodisa emas; bu maqsadli xatti-harakatlar namunasi ekanligi, raqamli zo'ravonlikning maqsadi jabrlanuvchini qo'rqitish, g'azablantirish, sharmanda qilish va suitsid qilishga undash ekani haqida qiziqarli ma'lumotlar berib o'tildi. Bundan tashqari Internet insonlarning uzog'ini yaqin qilish bilan vaqtini tejasa, bekorchi saytlarga kiradigan odamlarning esa oltindan qimmat bo'lgan vaqtlarini quruq sovurib yuborayotganlari bu esa bizning dinimiz va axloqiy qoidalarimizga zid ekani haqida ham fikrlar yuritildi. Tadbirda barcha talabalar faol qatnashishdi. Davra suhbati: “Hurmatli talabalar!!! Do'stlar va yaqinlaringiz bilan oflayn rejimda uchrashib, diydorning g'animatligini unutmang!  Vaqti-vaqti bilan internetsiz kunlarni (raqamli detoks) tashkil qiling!  Va virtual dunyoga o'ralashib qolib, tiriklik dunyosi bilan aloqani yo'qotmang!”, degan so'zlar bilan o'z nihoyasiga yetkazildi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova va "Gidromelioratsiya” fakulteti  tyutori G.Ahmedjanovalar axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati