Ilmiy tadqiqot ishi bo‘yicha dastlabki eksperiment o‘tkazildi
Bugungi kunda tabiiy energiya resurslarini tejash va undan samarali foydalanishda, qayta tiklanadigan muqobil energiya manbalarining ahamiyati juda katta. Xususan, respublikamizda quyosh, shamol va biomassa energiyalaridan foydalanish yuqori samara beradi. Buning uchun birinchi navbatda malakali va bilimli kadrlarga eрtiyoj tug‘iladi. Hozirda respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida ushbu sohaga kadrlar yetkazib berilmoqda. Jumladan, institutimiz “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasida “Muqobil energiya manbalari” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelinmoqda. 12-noyabr kuni kafedra professori Tursunov Obid Bobokulovich rahbarligida olib borilayotgan “Indorama Agro Sardoba qishloq xo‘jaligi klasterida tomchilatib sug‘orish tizimi uchun shamol energiyasini qo‘llash istiqbollari” mavsusidagi magistrlik dissertatsiya ishi bo‘yicha M39 Magistral yo‘lida dala eksperimenti o‘tkazildi. Kafedra tayanch doktoranti Nurislom Abdug‘aniyev va “Muqobil energiya manbalari” mutaxassisligi 1-kurs magistranti G‘ansher Mustafoyevlar amaliy tadqiqot jarayonida bevosita ishtirok etishdi. Ushbu dala eksperimentning asosiy maqsadi M39 Magistral yo‘lida mashinalar qatnovi va tabiiy ravishda hosil bo‘layotgan shamol oqimi energiyasi potensialini aniqlash hamda undan yo‘lni yoritish va Indorama Agro Sardoba qishloq xo‘jaligi klasterida tomchilatib sug‘orish tizimini qoshimcha energiya bilan ta’minlash hisoblanadi. Tadqiqot jarayoni uch bosqichda amalga oshirildi, ya’ni ertalabki soat 1000-1100 oralig‘i I bosqich, kunduzgi soat 1400-1600 oralig‘i II bosqich va kechki soat 1800-1900 oralig‘i III bosqich. Har bir bosqichdagi belgilangan vaqt oraliqlarida magistral yo‘lda hosil bo‘layotgan shamol tezligi va mashinalar oqimi qayd etib borildi. Magistrlik dissertatsiya ishining keyingi bosqichida mazkur o‘lchov natijalari mavjud formulalar yordamida hisob-kitob qilinadi. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, har bir sohada yetuk va malakali mutaxassislarni tayyorlashda mana shunday amaliy tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
“ETvaQTEM” kafedrasi tayanch doktoranti N.Abdug‘aniyev аxboroti
TIQXMMI matbuot xizmati