“Ilhom buloqlari”ning taqdimoti viloyatlarda
Kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va muqaddas deb hisoblaydi. Kitob mutolaasi zavqli, kitob yozmoq esa undanda yuqori. Avval xabar berganimizdek, universitetimizda tahsil olayotgan ijodkor talabalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, ularning ijodiy ishlarini to‘plam holida chop ettirish va muallif talabalarga taqdim etish an’anasi yo‘lga qo‘yilgan edi. Shu an’ananing uzviy davomi sifatida har bir muallif ijodkor talabalar tahsil olgan maktab jamoasiga universitet nomidan tashakkurnomalar va “Ilhom buloqlari II” to‘plami yuborilgan edi. Bugun «Gidromelioratsiya» fakulteti 4-bosqich talabasi Azizbek Hasanov tahsil olgan Jizzax viloyati Forish tumanida joylashgan 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Ilhom buloqlari II” to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot maktab direktori Ozodjon Jabborov tomonidan ochib berildi va yig‘ilganlarga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti nomidan kelgan Tashakkurnoma o‘qib eshittirildi hamda maktabning faxriy bitiruvchilaridan bo‘lgan Azizbekning universitetda o‘qish davomida erishgan yutuqlari xususida o‘quvchilarga ma’lumot berildi. Azizbekning ijodiy ishlari universitet tomonidan “Ilhom buloqlari II” to‘plamiga kiritilishi va chop etilishi uning eng katta yutuqlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Shundan so‘ng ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Hulkar Ismoilova Azizbekning maktab davrlaridagi faolligi haqida gapirib, bugungi erishgan yutuqlari maktabda unga ta’lim bergan barcha ustozlarining ham yutug‘i ekanligini va kitobxonlik inson ma’naviy olamini boyitishdagi asosiy vosita ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Taqdimot yakunida esa kitoblar o‘quvchilarga topshirildi.
Universitet matbuot xizmati