TIQXMMI yangiliklari

img
25.11.2022

"Huawei" kompaniyasi tomonidan o'tkazilgan "Seeds for the future" loyihasi g'olibi

Gidromelioratsiya fakulteti 3-bosqich talabasi, “Hydroleaders” jamoasi yetakchilaridan biri Shamsiddinov Xushnudbek “Huawei” kompaniyasi tomonidan e`lon qilingan “Seeds for the Future” loyihasida ishtirok etdi va g`olib bo`ldi. Ushbu musobaqada yettita Oliy o`quv yurtimizdan 30 nafar o`zbek talabalari, Ruanda, Serbiya va Avstriya mamlakatlaridan ishtirokchilar qatnashishdi. Shamsiddinov Xushnudbek o`z loyihasi bilan bir nechta davlatlar orasida faxrli birinchi o`rinni egalladi. “iWater” loyihasi suv xo`jaligida raqamli texnologiyalarning qo`llanilishi bo`yicha yaxshi loyiha sifatida hakamlarning e`tiborini qozona oldi. Shuni ta`kidlash kerakki, universitetimizdan talabalarimiz ilk bor qatnashishiga qaramay, Eng yaxshi loyiha va jamoa; Eng faol ishtirokchi; Huawei ning maxsus kurslari imtihonida eng yuqori ball to`plagan ishtirokchi; nominatsiyalarida g`olib bo`ldi. Endilikda ushbu talabamizga 2023- yil yanvar oyida o`tkazilishi rejalashtirilayotgan  Xalqaro bosqichda ham omadlar tilab qolamiz.

Ma`lumot uchun, “Seeds for the Future” dasturi butun dunyo boʻylab 137 ta mamlakat va mintaqadan 500 ta universitet talabalarini birlashtirgan yetakchi taʼlim loyihasi hisoblanadi. Shu kunga qadar dastur doirasida 12 000 nafar eng yaxshi talaba amaliyot oʻtadi, Huawei kompaniyasining Xitoydagi bosh qarorgohiga tashrif buyurgan ishtirokchilar hamda 2020 va 2021-yillar loyihalari onlayn ishtirokchilari ham shular jumlasidan. 2022-yil 14-noyabr kuni Oʻzbekistonda talabalarga AKT texnologiyalari sohasida oʻz koʻnikma va bilimlarini oshirish, yetakchilik koʻnikmalarini mustahkamlash boʻyicha maʼruzalar tinglash, sayyoramiz va jamiyatimizning barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun raqamli yechimlarni joriy etishning muvaffaqiyatli holatlarini oʻrganish, boshqa mamlakatlardan ishtirok etayotgan talabalar bilan madaniy qadriyatlarni almashish, shuningdek Xitoy anʼanalari va madaniyati bilan tanishish imkonini beruvchi “Seeds for the Future 2022” loyihasiga sakkizinchi yil start berildi. Bu yil loyihada Oʻzbekiston talabalari Avstriya, Ruanda va Serbiya talabalari bilan birga ishtirok etadi.

“Seeds for the Future” loyihasi butun dunyo boʻylab minglab talabalarni yagona hamjamiyatga birlashtirgan oʻziga xos tadbir boʻlib, u talabalarga raqamli bilimlarini mustahkamlash va yangi koʻnikmalarni egallash, dunyoqarashini kengaytirish va yangi doʻstlar orttirish imkonini beradi. Loyiha ishtirokchilari universitetlarni tamomlab, osongina IT-mutaxassislariga aylanishadi va butun AKT sohasini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshadi. Bu yil loyihamizda Oʻzbekistonning yettita universitetidan talabalar ishtirok etmoqda, bu IT sanoati ekotizimidagi barcha hamkorlar tomonidan sifatli kadrlar zaxirasini yaratishga va malakali kadrlar tayyorlashga qiziqish kattaligidan darak beradi”, — deya taʼkidladi Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi direktori Chen Szyakai.

Oʻtgan yillarda loyiha doirasida TATUʼning 50 nafar talabasi Xitoyga borib, kompaniyaning bosh ofisida amaliyot oʻtadi. Pandemiya munosabati bilan 2020-yil “Seeds for the Future” loyihasi TATU va Toshkent shahridagi Inha universiteti ishtirokchilari uchun onlayn tarzda tashkil etildi. Oʻtgan yili loyiha Oʻzbekistonning toʻrtta universiteti – TATU, Toshkent shahridagi Amiti universiteti, Toshkent shahridagi Kimyo xalqaro universiteti (sobiq Yeoju texnika instituti) va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalari uchun  Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi ofisida gibrid formatda oʻtkazildi. Raqamli rivojlanish va texnologiyalarni joriy etish iqtisodiyot va jamiyatning turli jabhalariga taalluqli ekanini inobatga olib, joriy yilda nafaqat IT yoʻnalishlariga ixtisoslashgan OTMʼlar talabalari, balki Toshkent xalqaro taʼlim universiteti va “Toshkent Irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Мilliy tadqiqot universiteti talabalari ham loyihada ishtirok etish uchun taklif etildi.