TIQXMMI yangiliklari

img
16.03.2023

Hayot bu – faqat olg'a intilish degani

Joriy yilning 13-mart kuni "TIQXMMI" MTU GTQ fakulteti 1-3 kurs talaba yoshlari bilan universitet  psixologi M.K.Muhammedova va GTQ, Iqtisod fakulteti tyutorlari D.Xursandova, X.R.Saidova, M.Vafoyevalar  tomonidan “ 100 marta rad etishgan bo'lsa ham, o'z-o'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotmaslik sirlari” mavzusida seminar trening tashkil etildi. Seminar trening talabalarda muammoga kreativ yondashuvni shakllantirish; o'ziga, kelajakka ishonch va o'zini prezentatsiya qilish malakasini oshirish; his-tuyg'ularni tartibga solish, jamoa bo'lib faoliyat olib borish va bir-birlarini his etish qobiliyatini rivojlantirish maqsadida tashkillashtirildi. “Inson miyasining juda ajoyib xususiyati bor. Bizning miyamiz bir vaqtning o'zida faqat birgina o'yni xayolimizda ushlab tura oladi. Ya'ni bir vaqtning o'zida ham yaxshi ham yomon narsalar haqida o'ylay olmaymiz. Miyaning bu xususiyatini yaxshi tushunib olib undan unumli foydalanish kerak. Aks holda u bizning zararimizga ishlaydi. Bu holatni ushbu misol bilan tushintirishga harakat qilaman. Deylik: Siz o'zingizdagi ojizlikni yo'qotmoqchisiz. Ko'pchilik bunday vaziyatda: O'z ojizligimni qanday yo'qotsam bo'ladi? Ojizlikni yengishning qanday choralari mavjud? Ojizlikka qarshi qanday samarali usullar mavjud? Degan savollarni o'z oldiga qo'yadi va o'z ojizligi bilan kurasha boshlaydi. Natijada unga bu kurashda mag'lubiyat kafolatlangan bo'ladi. Nega? Bu juda oddiy. Tasavvur qiling ojizligingiz haqida o'ylaganda o'zingizni ojiz sezasizmi yoki kuchli? Albatta ojiz. Chunki ojizligingiz haqida o'ylaganda miyangiz unga mos his tuyg'ularni xotiradan olib chiqadi va Siz kuchingiz sezilarli ravishda pasayib ketganligini his etasiz, sezasiz. Bu haqda qancha ko'p o'ylasangiz shuncha ko'p kuch, enrgiya yo'qotasiz. Axir Siz limonni chaynayotganimni o'ylaganda so'lak ajralmasligiga erishishim kerak deb maqsad qo'ymaysizku. Chunki bu haqda o'ylashning o'ziyoq so'lak ajralishiga sabab bo'laveradi. Uning o'rniga: Qanday qilib yanada kuchli bo'lish mumkin? Mening kuchli jihatlarim nimada va ularni qanday qilib yanada rivojlantirishim mumkin? Buning qanday samarali yo'llar mavjud? Degan savollarni bersangiz to'g'ri yo'nalishga tushib olasiz. Uning yordamida Siz har doim o'z kuch va quvvatingizni faqat kerakli jihatlarni rivojlantirishga qarata oladigan bo'lasiz”, dedi universitet psixologi M.K.Muhammedova o'z nutqida. Treningda hayotdagi to'siqlar, rad etilishlar “hafsalani pir qilishi” emas, ishtiyoq uyg'otishi lozimligi va ishtiyoq uyg'otishga turtki bo'luvchi omillar haqida qizg'in suhbat uyushtirildi. Tadbir davomida “Rad javobini o'z foydamizga aylantiramiz”, “Yondashuvni o'zgartirish siri”, “Chekinmang! Olg'a intiling!” kabi talabalarni olg'a intilishga undovchi trening mashg'ulotlar o'tkazildi. Seminar treningda tyutorlar: M.Vafoyeva, D.Xursandova va X.Saidovalar ham faol ishtirok etishib, talaba yoshlarning komil inson bo'lib shakllanishlariga ijobiy ta'sir etadigan ma'lumotlar berib o'tishdi. Trening ishtirokchilari o'tilgan mavzudan ijobiy taassurotlar, foydali ma'lumotlarga ega bo'lishdi va ko'tarinki kayfiyatda tadbir nihoyasiga yetdi. 

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati