TIQXMMI yangiliklari

img
12.11.2022

Hamkorlikdagi dolzarb mavzuning muhokamasi

Joriy yilning 11 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi tomonidan "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida «Markaziy Osiyo mintaqasida suv diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Suv xo‘jaligi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda OAV ishtirok etdilar. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish masalalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, bunda suv diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish maqsadlarida davlatlararo ikkitomonlama va ko‘ptomonlama munosabatlarni, xususan parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tadbir davomida deputatlar ishtirokchilarga bugungi kun talab va takliflari hamda shart-sharoitlaridan kelib chiqqan holda mintaqada qaror topayotgan parlamentlararo munosabatlarda suv diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanish borasidagi fikr va mulohazalarini bildirib, bu borada ekspert guruhlar va tahliliy markazlarda mavjud axborot-tahliliy ma’lumotlar almashinuvini muntazam ravishda yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidladilar. Davra suhbati davomida Markaziy Osiyo mintaqasida suv diplomatiyasi mexanizmlarini samarali qo‘llash, bu borada parlament diplomatiyasi vositalaridan unumli foydalanish istiqbollariga qaratilgan kelgusi rejalar aniqlandi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

Universitet matbuot xizmati