TIQXMMI yangiliklari

img
07.10.2022

Hamkorlik rishtasi mustahkam bo‘lsa...

Xorijiy davlatlar bilan o‘zaro ilmiy-madaniy aloqalar ta’lim tizimining ravnaqiga xizmat qilishi muqarrar. Xuddi shu ma’noda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetiga Rossiya “Oliy iqtisodiyot maktabi” milliy tadqiqot universitetining bir guruh mutaxassislaridan tarkib topgan delegatsiyasi tashrif buyurishdi. Ularni universitetimiz rektori, professor Mirzaev Bahodir Suyunovich o‘z prorektorlari va bo‘lim boshliqlari bilan kutib oldi hamda muzokara o‘tkazdi.

Mehmonlar tarkibi A.N.Tixonova nomidagi Moskva “Elektronika va matematika” instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aksenov Sergey Alekseevich, xuddi shu institutning direktor maslahatchisi Aleskerova Inessa Ivanovna, filologiya  bo‘yicha “Gumanitar fanlar” fakultetining aspirantlar maktabi direktori Virenkova Anastasiya Sergeevna, Sankt-Peterburgdagi NIU VShE (OIM MTU) xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Kiseleva Mariya Alekseevna, Nijniy Novgoroddagi NIU VShE (OIM MTU) xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shilovskaya Anna Anatolevna, NIU VShE (OIM MTU)ning Permdagi filiali direktori Volodina Galina Yemelyanovna, shu filial direktorining o‘rinbosarlari Zagorodnova Yekaterina Pavlovna va Shadrina Yelena Vitalevnalardan iborat edi. 

Ularning tashrifidan ko‘zlangan maqsad milliy tadqiqot universitetimiz bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash va boshqa ta’limiy jarayon bo‘yicha muzokaralar olib borish hamda amalga oshirishdir. Demak, asosiy yo‘nalishlardan biri professor-o‘qituvchilarning o‘zaro almashinuvidir. Tajribali professor o‘qituvchilarimizning ularga borishi ayni paytda ularning universitetimizga tashrifi tizimli ravishda amalga oshirilishi yuzasidan aniq rejalar ishlab chiqilishi qayd etildi. Shuningdek, talabalar uchun yozgi va kuzgi maktablarni tashkil  qilish maqsadga muvofiqligi e’tirof etildi.

 Rossiyalik mutaxassislar iqtidorli talabalarimizning Rossiya Davlat grantlari asosida o‘qishi ham mumkinligini ta’kidlashdi. Hamkorlik rishtalari har ikki tomonlama manfaatdorlik va do‘stona tarzda mustahkamlandi desak, xato bo‘lmaydi.

Universitet matbuot xizmati