Hamkorlik ishlari amalda
Joriy yilning 24 oktabr kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti GM fakulteti tyutori Tursunova Zilola, "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakulteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti N.Yuldasheva Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimligi tomonidan o‘tkazilgan 2021-2022 - o‘quv yili yakunlariga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy, sarhisob yig‘ilishida ishtirok etdi. Nurafshon shahar Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 13 ta umumta’lim maktablarining monitoring natijalari tahlil qilinar ekan, Respublikada eng oxirgi o‘rinlarda borayotganligi, jumladan, hududdagi 6 ta maktabda 1- va 2- toifali birorta o‘qituvchi faoliyat yuritmayotganligi ayanchli holat sifatida ta’kidlandi.
Mazkur yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish borasida galdagi vazifalar belgilandi va "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" - Milliy tadqiqot universiteti professor-olimlaridan metodik va ilmiy yordam kutib qolishlari aytib o‘tildi. Ayniqsa, “Yo‘l xaritasi” ishlanib, xorijiy tillar va aniq fanlarni o‘qitishda tizimli hamkorlik masalalari kelishildi.
Universitet matbuot xizmati