TIQXMMI yangiliklari

img
19.04.2024

Fikrlashni rivojlantirish san'ati

Joriy yilning 19-aprel kuni   “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti "B" korpus 408 auditoriyada, “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti 1-kurs 105-guruh  talaba yoshlari bilan “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti tyutori D.Xursandova hamda universitet psixologi  M.K.Muxamedovalar hamkorlikda  «Fikr kuchi» mavzusida tadbir tashkil etdilar. Yig'ilish ishtirokchilariga M. K. Muhammedova: Har qanday kishining hayotida tushkunlikka tushgan, hafsalasi pir bo'lgan damlari bo'lib turadi.

Shunday kezlarda hayot go'zalligidan bahra olish, voqeliklardan zavqlanish, quvonch hissini tuyish uchun inson o'zini o'zi anglashi, fikrlash mashqlari ustida ishlashi lozimligi haqida so'zladi va quyidagi fikrlar bilan o'z nutqini davom etdi: Hayotingizda ro'y bergan, o'zingiz salbiy deb bilgan biror voqeani eslang. So'ng qog'oz va ruchka oling-da, o'sha “yomon” voqeaning sizga keltirgan uchta ijobiy tomonlarini yozing. Odatda, uchta natijada inson to'xtab qolmaydi. Shu bois sabab va oqibat zanjirini tahlil qilishni boshlasangiz, agar o'sha “yomon” hodisa bo'lmaganida bugun erishgan g'alabangiz ham bo'lmasligini ich-ichingizdan his qilasiz. Hayotingizdan mamnunlik hissini tuyganingizdan so'ng, boshqa kishilarning hayotidagi ijobiy imkoniyat va mo''jizalarni ham ko'ra olasiz.

Shuning uchun tabiat yuborayotgan ogohlantirish va belgilarni o'qishni o'rganing. Atrofingizdagilar voqelikni yomonlab, salbiy muhokama qilganida, ularga ana shu voqeliklardan o'zlari uchun ijobiy natijalar bergan tomonlarni ko'rsatishga harakat qiling. Ushbu urinishlar sizni ijobiy fikr yuritishga o'rgatadi. Yomon o'y-xayol qilishdan qaytaradi. Chiroyli fikrlagan, ijobiy xayol qilgan kishi hayot go'zalliklarini ko'ra oladi. Bunday mashqni ochiq havoda sayr qilayotgan chog'ingizda yoki ishga ketayotganingizda bajarishingiz, voqeliklarni tahlil qilishingiz, ularni o'zingiz uchun foydali tomonlarini topishingiz mumkin. Xulosa shuki, fikrlashni rivojlantirish mashqi sehrli kuchga ega bo'lib, u orqali hayotingizni osoyishta va xotirjam kechishiga erishasiz, degan so'zlar bilan tadbirni yakunladi. Tadbir juda qizg'in, savol-javoblarga boy tarzda kechdi va eng keragi, ishtirokchilarga yetarlicha motivatsiya bera oldi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova,"GTQ" fakulteti tyutori D.Xursandovalar  axboroti 

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati