TIQXMMI yangiliklari

img
05.10.2023

Farzandga mas’ullik barchaning burchi

Davlat va hukumatimiz qarorlarida ta’kidlanganidek, barcha tashkilotlar, mehnat jamoalari, umuman jamiyat axloqiy sog‘lom, ma’naviy boy, mustahkam oilani vujudga keltirish to‘g‘risida, onalar haqidagi, mamlakatning kelajagi bo‘lgan yoshlar haqidagi g‘amxo‘rliklarini kuchaytirmoqda. Ota-onalarning bolalar tarbiyasi haqidagi, ularni turmushga va mehnatga tayyorlash to‘g‘risidagi mas’uliyati oshirilmoqda. Tarbiyaga oid bilim berish muammosi faqat ota-onalarning ishi bo‘lib qolmasdan, balki barchaning ishi, keng ma’noda davlat ahamiyatiga molik ishdir. Shuning uchun ushbu uch birlik - ta’lim muassasi, mahalla va oila hamkorligi bu borada jips holda ish olib borishi muhim.

2023 yil 5-oktabr kuni "TIQXMMI"Milliy tadqiqot universitetida “Energetika” fakulteti "Ota-onalar kongressi"  tadbiri bo‘lib  o‘tdi. O’z farzandini kelajagiga  qiziqqan ota-onalar tadbirda ishtirok etishdi.

Tadbir ota-onalarni ro‘yxatga olishdan boshlanib universitet  o‘quv laboratoriya xonalari, sport majmuasi, talabalar turar joylari, talabalar oshxonasi, axborot resurs markazi, Abdulla Oripovga bag‘ishlangan muzey bilan tanishtirilib muhtasham Madaniyat saroyiga kirishdi.

Tadbir boshlandi. Universitet rektori,  professor B.Mirzayev tadbir avvalida Mamlakatimizning istiqboli ta’lim-tarbiyaning ravnaqi bilan bog‘liq ekan, bu davlatimiz rahbarining "Najot ta’limda, najot tarbiyada, najot maktabda" degan o‘gitlari nechog‘lik ahamiyatli ekanini bildirishini qayd etib o‘tdi. Demak, ta’lim va tarbiya masalasi xalqning taqdiriga daxldor masaladir.

 

Shunday ekan, bunga mas’ullik masalasi faqat o‘qituvchi, pedagog yoki murabbiyga daxldorgina emas, balki siz kabi o‘z farzandlari kelajagiga mas’ul ota-onalarning ham burchi, muhim vazifasidir. Xuddi shu ma’noda, "Bir bolaga yetti ota-ona" degan maqol bejiz aytilmaydi.

Rektor o‘z so‘zida davom etib, farzandlarimiz balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsalarda, biz ularning tarbiyasi, axloqi va o‘qishga muntazam qatnayotganligidan xabar olib, boshqacha aytganda, ko‘z-quloq bo‘lib turishimiz kerak” – dedi. Shuningdek, universitet bilan bog‘liq quyidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Universitetimizda farzandlaringizning o‘qishi, qiziqishlari, dam olishlarini inobatga olgan holda turli to‘garaklar tashkil etilgan va turli sport musobaqalari o‘tkazib turiladi. Respublikamizning diqqatga sazovor joylaridagi tarixiy qadamjolarga sayohatlar ham uyushtirib turiladi. Ularning xorijiy tillarni, xususan ingliz tilini o‘rganishlari uchun chegirma bilan keng imkoniyatlar yaratilgan. O’zining bilimi, faol izlanuvchanligini inobatga olgan holda turli stipendialar joriy etilgan. Xorijda o‘qib kelishlari uchun ham keng sharoitlar yaratilgan. Qo‘sh diplom olish imkoniyatlari ham bor. Bularning hammasi Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning natijasi desak, o‘rinli bo‘ladi. Hurmatli ota-onalar xalqimizda “qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan naql bor. Shunday ekan, farzandlarimizning tarbiyasi uchun qayg‘urish, yaxshi, a’lo baholarga o‘qishi sizu bizning nazoratimiz bilan bog‘liq. Ularning yurish-turishi, ko‘rinishi va kiyinishi, nutqi va xulqi, o‘qish jarayonlariga munosabati va o‘zini tutishida bizning o‘rnimiz, majburiyatimiz borligini aslo, unutmaylik.

Biz pedagoglar siz bilan doim birgalikda farzandlaringizni el-yurt uchun manfaatli xodim bo‘lib yetishishlarida bor imkoniyat va salohiyatimizni ishga solamiz. Shunday ekan, bu borada birdamlik, bahamjihatlik va aloqalarimiz mustahkamligi qo‘l kelishini aslo unutmang, deb o‘z so‘zini yakunladi rektor.

Ana shundan so‘ng ota - onalarning savollariga javob berdilar. Tadbir kuy qo‘shiqlarga ulanib ketdi, Respublikada xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Yorova, Feruza Ochilova va “Navro‘z” ansamblining chiqishlari davraga fayz kiritdi. Ota-onalar tadbirga kelganligi va o‘z farzandi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib quvondilar.