TIQXMMI yangiliklari

img
29.03.2024

Faoliyatning faxriy nishoni

Faollik faoliyat mezoni. Bu esa faoliyatning ikki qanoti borligini bildiradi. Biri tinimsiz izlanish zamiriga qurilgan tashabbuskorlik bo‘lsa, ikkinchisi g‘ayrat va shijoatni talab etuvchi tashkilotchilikdir. O'z xizmati mobaynida har ikkalasini uyg‘unlashtirish uchun insonda mas'uliyat va majburiyat burchi ustuvor bo‘lishi tayin. Davr talab etgan muhim masalalardan biri tabiiyki, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi roli va Gender tengligi masalasidir. Bu borada Davlat va hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan siyosat va islohotlarni amalga oshirishdagi fidoyilik doim rag‘batlantirilishi maqsadga muvofiq.

       Universitetimiz professori, fidoyi, jonkuyar olimalarimizdan Ismoilova Zuhra Karabayevnaning xuddi shu boradagi harakatlari tahsinga sazovor. Shuning uchun ham ular O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Kamalovna Narbayeva imzosi bilan muhrlangan Faxriy yorliq bilan taqdirlandilar. "Xotin-qizlar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashi faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yishdagi faol ishtiroki uchun Zuhra Karabayevna Ismoilova O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanadi."

Ushbu nufuzli nishon universitetimiz uchun ham faxru iftixor belgisidir. Bugun ushbu faxriy yorliqni universitetimiz rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich samimiy tilaklari bilan tantanali tarzda topshirdi.Biz universitetimiz xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi Zuhra Karabayevnani samimiy muborakbod etamiz. Vatanimiz ravnaqi, ilm-fan va Gender tengligi siyosati masalalarida hamisha kuch-g‘ayrat va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Universitet matbuot xizmati