TIQXMMI yangiliklari

img
09.12.2022

E’tirof va ehtirom

Inson tabiatida e’tiborga, e’tirofga ehtiyoj bor. Shuning uchun ham ahli donishlardan biri "E’tiborga e’tibor nechun desa, e’tiborsiz qolganim uchun", - deya javob bergan. Insonning qilayotgan xizmatlari, faolligi, fidoyiligi uchun uni rag‘batlantirishda ham hikmat, ham hurmat bor.

O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan fidoyi va faol insonlarning aksariyatiga davlatimiz rahbarining imzosi bilan esdalik nishonlari topshirildi. Bu mukofot qaysidir ma’noda munosabat va murojaatning mohiyatini ifoda etishi ham haq. O‘z sohasi, kasbini sevish orqali vatanparvarlik tuyg‘usi va salohiyati bilan el - yurt ravnaqiga, xizmat qilayotgan fidoyi va faol insonlar doimo e’tibor va e’zozda.  Inson manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yish talabi aks etgan konstitutsiyaga yanada xalqchil bo‘lishi uchun ayrim o‘zgartirishlar kiritilayotgani ham katta ahamiyat kasb etadi.   Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusning tepasida turishlari ularning millatparvar va elparvarligining belgisidir.

Endilikda ushbu konstitutsiya "Davlat - jamiyat - inson" tamoyili asosida emas, balki "Inson - jamiyat - davlat"  tamoyiliga qurilganligi inson qadri ulug‘langan yurt - Yangi O‘zbekistonning shukuhi  ruhining dalolatidir.

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universitetining bir guruh professor- o‘qituvchilari va xodimlari ana shu yuksak e’tirofga sazovor bo‘lganligi quvonarli va faxrlidir. Bu esa mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasi va Uchinchi renessans poydevorini qurish borasidagi sa’yi harakatlarida ayricha ilhombaxsh kuch va motivatsion ruh berganligini hamma e’tirof etdi.

Esdalik nishonlarini  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon G‘anievich Mirzaev  va universitetimiz rektori, professor Bahodir Suyunovich Mirzaev topshira turib o‘zlarining samimiy tilaklarini izhor qilishdi.

              Universitet matbuot xizmati