TIQXMMI yangiliklari

img
23.09.2023

Erasmus+ dasturining Muhandislik va AKT loyihalari bo’yicha klaster uchrashuvi

Joriy yilning 14-sentabr kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU)da Erasmus+ Milliy ofisi (NEO) va Yevropa Komissiyasining Ta’lim, audiovizual va madaniyat bo‘yicha ijroiya agentligi (EACEA) bilan hamkorlikda Erasmus+ dasturining Muhandislik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) CBHE loyihalari bo‘yicha klaster uchrashuvi tashkil qilindi. Tadbir EACEA loyiha menejeri Mariya-Sol Dominguez Parrado xonimning O’zbekistonga monitoring tashrifi doirasida bo'lib o'tdi.

Erasmus+ dasturi nafaqat Yevropa universitetlari, balki Markaziy Osiyo, MDHga aʼzo davlatlar va dunyoning boshqa mintaqalaridagi universitetlar bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Qo‘shma loyihalar doirasida joriy etilgan ilg‘or o‘qitish texnologiyalari, tashkil etilgan ta’lim platformalari, Yevropa universitetlarining ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati 2020-yilda pandemiya sharoitida butun ta’lim tizimini onlayn formatga o‘tishga katta yordam berdi. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi 2017-2022 yillar jadal o‘zgarishlar va oliy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan muhim qarorlar davriga aylandi. Erasmus+ dasturining dolzarbligi, uning keng ko‘lamli faoliyati va uzoq muddatli hamkorlik imkoniyatlari O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’limni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan maqsadlarga hamohangdir.

Tadbirni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rektori Professor Bahodir Mirzayev ochib berdi. Shuningdek, Yevropa ittifoqining O’zbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrien xonim tadbir ochilishida Erasmus+ loyihalarining ahamiyati va qanchalik muhimligi haqida nutq so’zlab, barcha qatnashchilar va tadbir tashkilotchilariga o’z minnatdirchiligini bildirdi. Shundan so’ng, asosiy tadimotlarga o’tilib, EACEA loyiha menejeri Mariya-Sol Dominguez Parrado Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistondagi Erasmus+ CBHE loyihalari haqida taqdimot qildi. O’zbekistondagi Erasmus Milliy ofisi koordinatori Aziza Abdurahmanova esa shu kungacha amalga oshirilgan hamda amaldagi muhandislik va AKT sohasidagi 19 ta Erasmus+ CBHE loyihalari, dasturning eng so’nggi yangilanishlari bo’yicha taqdimot qildi.

Mazkur klaster uchrashuvida CBHE loyihalarining mahalliy koordinatorlari va guruh a'zolari, oliy ta'lim tizimidagi manfaatdor tomonlar, noakademik CBHE hamkor tashkilotlari vakillari ishtirok etib, muhandislik va AKT sohasidagi jami 19 ta (9 ta tugallangan, 3 ta davom etayotgan va 2022-yil tanlovidan 7 ta loyiha) Erasmus+ CBHE loyihalari Oʻzbekistonning 26 ta universitetlarining loyiha guruhlari tomonidan taqdim etildi. Jumladan, “TIQXMMI” Millliy tadqiqot universitetida amalga oshirilgan “DSinGIS” loyihasi bo’yicha loyihaning O’zbekistondagi milliy kooordinatori Ilhom Abdurahmanov va amaldagi “HWCA” loyihasi bo’yicha loyiha koordinatori Abdulhakim Salohiddinov taqdimot qildilar. Tadbirga ilgʻor tajribalar, muammolarni aniqlashga hissa qoʻshish va amaliy tavsiyalar berish uchun Oliy taʼlimni isloh qilish boʻyicha ekspertlar milliy jamoasi (HEREs) ushbu tadbriga taklif qilindi.

8 ta mamlakat hududidan va 7 ta noakademik tashkilotdan 22 ta OTM (shu jumladan, 8 ta yangi qo’shilgan OTM)ni oʻz ichiga olgan 2023 yil tanlovining yangi tanlangan 7 ta loyihasi hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va sinergiya imkoniyatlaridan foydalandilar.

Klaster uchrashuvida quyidagi natijalarga erishildi:

● muhandislik sohasidagi mahalliy oliy ta'lim muassasalari ishtirokidagi turli CBHE loyihalari o'rtasida sinergiya oshirilib, yangi hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yish imkoniyati yaratildi;

● CBHE loyihalar haqida ma’lumot tarqatilib, turli manfaatdor tomonlarga (Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, vazirlik va boshqalar) O'zbekistondagi CBHE loyihalari bilan tanishish imkoniyati yaratildi;

● ishtirokchilar o'rtasida yaxshi tajribalarni almashish imkoniyati yaratildi;

● amaldagi va tugallangan loyihalarning natijalari va yutuqlarini manfaatdor tomonlarga targ'ib qilindi va tarqatildi.

Tadbir savol-javoblarga boy holda o’tib, ishtirokchilar o’zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis va ekspertlardan tegishli javoblarni oldilar.

 

Ilhom Abdurahmanov,

Oliy taʼlimni isloh qilish boʻyicha ekspertlar milliy jamoasi a’zosi.