Energetika sohasi bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiya
Energetika sohasi har bir mamlakatning muhim strategic yo‘nalishlaridan biri bo‘libgina qolmasdan, sanoat, ishlab chiqarish, qishloq va suv xo‘jaligi rivoji, aholi turmush farovonligini ta’minlashda hal qiluvchi asosiy kuch, ta’bir joiz bo‘lsa taraqqiyotning qon tomiri hisoblanadi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda energetika sohasini rivojlantirish, mavjud stansiyalarni rekonstruksiya qilish, modernizatsiya va sohaga yangi ilg‘or yechimlarga ega texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ulkan amaliy islohotlar olib borilmoqda.
Energetik obyektlar, uzatish va taqsimlar podstansiyalarini modernizatsiya qilish va ularni yangi ekspulatatsion ishonchiligi yuqori texnologiyalar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday texnologiyalarni joriy etishda mintaqamizdagi ilg‘or kompaniyalarning tajribalariga tayangan holda tabiiy va texnik sharoitlarga mos qurilmalarni o‘rnatishda ilmiy ishlab chiqarish korxonalari bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 17-may kuni universitetning “Energetika” fakultetida shunday yuqori ilmiy-amaliy tajribaga ega “ЭКРА” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada “ЭКРА” kompaniyasi eksport yo‘nalishi sotuv va marketing departamenti direktori Andrey Malishkin, texnik marketing departamenti loyiha rahbari Yevgeniy Krushennikov va boshqa mutaxassis xodimlar hamda “Energetika” fakulteti dekani, professor Abdusaid Isakov hamda fakultet professor-o‘qituvchilar, doktorant, magistrant va talabalar ishtirok etishdi. Konferensiyada “O‘zbekistonda “ЭКРА” kompaniyasining energetika loyihalarini amalga oshirish tajribasi” hamda “Energetika sohasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzularidagi taqdimotlar ishtirokchilarda kata qiziqish uyg‘otdi. Konferensiyadan so‘ng “Energetika” fakulteti “Elektr ta'minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalari” kafedrasidagi “ЭКРА” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi o'quv xonasi bo'ylab "Rele himoyasi va avtomatlashtirish" yo'nalishi bo'yicha ekskursiya tashkil etildi.