Endilikda professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayoniga kredit-modul tizimi joriy etiladi
Bugun AOKAda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy uzluksiz shaklini joriy qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Buguni kunda professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida my.moqt.uz platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur tizim orqali tinglovchilar 3 yillik kasbiy-pedagogik faoliyati natijalariga ko‘ra 100 balli mezon asosida baholanadi. Ushbu qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayoni quyidagi shakllarda olib boriladi:
- malaka oshiruvchilar 20 balldan 85 ballgacha to‘plagan taqdirda, ular an’anaviy yoki masofaviy shaklda o‘qitiladi;
- 86 va undan yuqori ball to‘plagan tinglovchilar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn test sinovlarini topshiradilar.
Shuningdek, professional ta’limda qayta tayyorlash va malaka oshirishning muqobil shakllari asosida ham baholash yo‘lga qo‘yilgan. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- rahbar va pedagog xodimlarning yakka mualliflikda darslik yoki o‘quv qo‘llanmalari mavjudligi;
- o‘zi yoki rahbarligidagi o‘quvchilar xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni olganligi,
- xorijiy mamlakatlarda malaka oshirganligi;
- doktorlik (PhD, DSc) dissertatsiyasini himoya qilishi yoki ilmiy rahbarligida kamida bitta fan doktori yoki PhD olish uchun shogird chiqarganligi;
- patentga ega bo‘lganlar.
Hozirda professional ta’lim tizimida 30 mingdan ortiq rahbar va pedagog xodim faoliyat yuritmoqda. Har yili ularning 10 ming nafari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida tahsil olib keladilar.
Mamlakatimizda ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash maqsadida joriy yil 7-dekabrdagi Vazirlar Mahkamasining 647-son qarori bilan professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni yil davomida tashkilotlarning buyurtmalari asosida dual ta’lim shaklida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda tashkilotlardan biriktirilgan ustozlarning pedagogik mahoratini ixtiyoriy ravishda oshirish uchun har yili dual ta’lim shakli bo‘yicha bepul qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Shuningdek, hukumatning 648-qarori bilan professional ta’lim tizimi rahbar va pedagog xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayoniga kredit-modul tizimi joriy etiladi.
Bu maqsadda 2024-yil 1-yanvardan boshlab malaka oshirish kurslarining o‘quv reja va o‘quv dasturlari takomillashtirilib, tinglovchilarning muayyan modul bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘quv yuklamasi kreditlar asosida hisoblanadi.
Bunda malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi hamda har o‘quv kursi yakuni bo‘yicha ta’lim natijalari monitoring qilinadi.