TIQXMMI yangiliklari

img
05.04.2022

Davr bilan hamohang

Mustaqillik sharofati tufayli respublikada aholi farovonligi misli ko'rilmagan holda yaxshilanib borib, uning soni yildan - yilga ortib bormoqda. Lekin, suv resurslari cheklanganligi sababli, aholi boshiga to'g'ri keladigan suv resursi yildan-yilga kamayib bormoqda. Suv resurslarini miqdoriy jihatdan hajmini oshirishning imkoniyati cheklanganligi bois, mavjud suv resurslaridan imkon qadar samarali foydalanish yo'llarini izlab topish dolzarb vazifalardan biri bo'lmoqda.

Muhtaram yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda , "...sug'oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya ob’ektlari tarmoqlarini rivojlantirish, qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishi sohasiga intensiv usullarni, eng avvalo, suv va yer resurslarini tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish" ustuvor vazifalarimizdan biridir.

Ayni kunlarda "Gidromelioratsiya" fakultetining eng bilimdon va tashabbuskor bitiruvchi kurs talabalaridan Azizbek Hasanov, Jahongir Muxtarov, Rustam Ro'zimboyev hamda Javoxir Abdukarimovlar Jizzax viloyatida joylashgan “Vero_Drip” zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar ishlab chiqaruvchi va o'rnatuvchi korxonada bitiruv oldi amaliyotini o'tashmoqda. Shu bilan bir qatorda tomchilatib sug‘orish tizimining har bir elementini mukammal o'rganib, loyihalash jarayonini qunt bilan o'zlashtirmoqda. O'zbekiston-Turkiya qo'shma korxonasi hisoblanuvchi ushbu ishlab chiqarish kompleksida talabalarga nazariy va amaliy bilimlarni turk injenerlari o'rgatishmoqda. Korxona xodimlari bilan bir qatorda tizimni o'rnatish uchun fermer xo'jaliklari dalalariga chiqishga shay turgan talabalar kelgusida ushbu bilimlarini Respublikamizda kechayotgan suv muammosini ijobiy hal etishda qo‘llashga, qolaversa, tengdoshlariga ham o'rgatishga ahd qilishgan.

Darhaqiqat, bugungi kunga kelib mamlakatimizda suv tejamkor texnologiyalarni qo'llash davr talabiga aylanib ulgurgan. Ushbu yo'nalish bo'yicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash esa davr talabi bilan hamohang yurish demakdir.

"Gidromelioratsiya" fakulteti

dekan muovini S.Gulyamov axboroti

TIQXMMI” MTU matbuot xizmati