TIQXMMI yangiliklari

img
12.04.2022

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutiga ustozlar tashrifi

“TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti professori Muhayyo Shoumarova va falsafa doktori Nargiza Xoliqova hamda Prezident stipendianti Ruxshona Yigitaliyevalarning tashrifidan institutimizning barcha professor-o’qituvchilari va iqtidorli yoshlari xursandchiligi cheksiz bo’ldi. Bugungi kunga qadar bir necha yuzdan ortiq shogirdlarga ustozlik qilib, qishloq xo’jaligi fanlarining rivojlanishiga ulkan hissasini qo’shib kelayotgan, ilm-fan sohasidagi samarali xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan M.Shoumarova institutning 107-ma’ruzalar zalida magistrantlar, iqtidorli talabalar va yosh olimlar, mustaqil tadqiqotchilar bilan uchrashuv o’tkazdi. Uchrashuv davomida ustoz o’zining ibratli hayot yo’li, erishgan yutuqlari va bugungi kundagi dolzarb masalalar to’g’risida so’zlab berdi.

Yosh olimlar, mustaqil izlanuvchilar, magistrantlar va iqtidorli talabalar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berib o’tildi. So’ngra o’quv dargohida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari bilan tanishish maqsadida institutda faoliyat olib borayotgan O’zbekiston qahramoni M.Ahmedov, institut rektori professor Sh.Imomov hamrohligida professor-o’qituvchilar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar tomonidan voha uchun dolzarb bo’lgan yerlarni sho’rini yuvishninig suvtejamkor mutlaqo yangi texnologiyasi qo’llanilayotgan tajriba maydonida bo’lib, ushbu tadqiqot ishi bilan tanishishdi.

Muhtaram Prezidentimizning suv tejamkor sug’orish texnologiyalarini qo’llash samaradorligini oshirishga alohida e’tibor berayotganliklari va tajriba maydonida ko’rilayotgan ushbu ilmiy tadqiqot ishi bugungi kunning dolzarb muammosi yechimiga qaratilganligi tahsinga loyiq ekanligini ustozlarimiz O’zbekiston qahramoni M.Ahmedov va M.Shoumarovalar qayd qilib o’tdilar.

M.Shoumarova o’z so’zida haqiqatdan ham ushbu texnologiyani qo’llash orqali suv tejamkorligiga erishish shu bilan birgalikda ayrim tuproqqa ishlov berishda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirmasdan iqtisodiy samaradorlikka erishish mumkinligini ta’kidlab o’zining fikr va mulohazalarini bildirib o’tdi.

Bundan tashqari mehmonlarimiz institutning “Texnopark” komposiga tashrif buyurib organik chiqindilardan biogaz olish qurilmasi laboratoriyasiga va biogazda ishlovchi dvigatelning tajriba stendini, mevalarni sublimatsion quritish - innovatsion texnologiyasi va organik chiqindilarni chigit ekish vaqtida qo’llashning zamonaviy usulda ishlovchi texnikalari bilan tanishdilar. Ilmiy tadqiqotchilar va yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini ko’zdan kechirib o’zlarining kerakli takliflarini berishdi.

Universitet matbuot xizmati