TIQXMMI yangiliklari

img
03.02.2023

Butunjahon suv-botqoq hududlari kuniga bag’ishlangan tadbir

2023 yilning 2 fevral kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida Ekologiya va suv resurslarini boshqarish kafedrasi  hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi, Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi hamkorligida 2 fevral – Butunjahon suv-botqoq hududlari kuni munosabati bilan “O‘zbekistonda suv botqoq hududlarni muhofaza qilish masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Qayd etilganidek, 1971 yil 2 fevralda Eronning Ramsar shahrida jahon hamjamiyati tomonidan suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilish, bunday hududlarga keng jamoatchilikning e’tiborini jalb etish maqsadida “Asosan suvda yashovchi qushlar uchun qo‘nim hisoblangan xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq hududlar to‘g‘risida”gi xalqaro Konvensiya qabul qilingan.  Ayni paytda mazkur Konvensiyaga 170 dan ortiq davlat a’zo bo‘lib, Ramsar ro‘yxatiga 2400 dan ziyod suvli-botqoqli hududlar kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 30 avgustdagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ham Ramsar Konvensiyasiga qo‘shilgan va ushbu qaror 2002 yil fevraldan boshlab kuchga kirdi. Xalqaro ahamiyatga ega, ayniqsa, suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo‘lgan suvli botqoq joylar to‘g‘risidagi konvensiyasiga (Ramsar) asosan bugungi kunda mazkur xalqaro xujjat ro‘yxatiga “To‘dako‘l”, “Quyimozor”, “Dengizko‘l” va “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi kiritilgan. “Sudoche” va “Jaltirbas” ko‘llarini mazkur ro‘yxatga kiritish bo‘yicha hujjatlar tayyorlangan. Mamlakatimizda suv-botqoq hududlari qariyb bir million gektarni tashkil etib, 500 dan ortiq ko‘llar mavjud. Ushbu hududlar suv-botqoq sharoitiga moslashgan o‘simlik va hayvonot dunyosiga boy. Mamlakatimiz hududi orqali ko‘chib yuruvchi qushlarning ko‘plab turlari uchun suv-boqoq hududlari qulay qo‘nimgoh bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham bunday hududlarni muhofaza qilish, ular tabiiy iqlimiy sharoiti barqarorligini saqlash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Republikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan hayvonlarning 40 ga yaqin turi, shu jumladan, qushlar va baliqlar suv-botqoqli hududlarda yashaydi.

Tadbirda ma’ruzachilar tomonidan kelgusida mazkur konvensiya doirasidagi faoliyatni yanada jonlantirishga qaratilgan quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Jumladan,  Ramsar konvensiyasi va umuman atrof muhit muhofazasiga qaratilgan va O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalardagi milliy qonunchilik va ekologik sharoitimizga mos bo‘lgan moddalari impelimentatsiya qilish  amaliyotini yanada jonlantirish ,  sohada ilmiy tadqiqot va monitoring ishlarini yanada jonlantirish,  mavjud ko‘llarni konvensiya Ro‘yxatiga kiritishda mezonlarga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

“Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi  mudiri A.Xomidov axboroti

Universitet matbuot xizmati