TIQXMMI yangiliklari

img
27.01.2022

Boshqaruv kengashi raisining tashrif, tasdiq va takliflari

Davlatimiz rahbarining inson oʻzgarsagina, jamiyatning oʻzgarishi haqidagi purhikmat mulohazalari naqadar hayotbaxshdir. Bu barchaga oʻz vazifasi nuqtai nazaridan masʼuliyat hissini tuyish zarurligini bildiradi. Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga  Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv Kengashi raisi Umurzakov Sardor Uktamovich tashrif buyurdilar. Ular Prezidentimizning uzoqni koʻzlovchi strateg sifatidagi faoliyati va kuni kecha Oʻzbekistonning 2022-2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishi xususida gapirib “Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz” degan daʼvatlariga muvofiq oʻzgarishimiz va burchimizni his etishimiz bundan keyin hammamiz oʻz vazifamizga sidqidildan kirishishimiz zarurligini taʼkidladilar.





      

Soʻngra taʼlim muassasamizda rektor sifatida oʻz faoliyatini boshlagan Mirzayev Bahodir Suyunovich haqida soʻz yuritib ularning koʻp yillik ish tajribasi boshqaruvda ham asqotishini taʼkidladilar. Rektor atrofida birlashish, hamjihatlik barcha muvaffaqiyatlarga garov boʻlishini eʼtirof etdilar. Prezidentimizning taʼlim muassasamizni Milliy tadqiqot universitetiga aylantirish toʻgʻrisidagi qaror biz uchun majburiyat va ishonch boʻlishi, shunga yarasha oʻzgarishimiz, ish tutishimiz zarur ekanini qayd etib soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Toshqulov Abduqodir Hamidovichga soʻz berdilar. Vazir oliy taʼlim tizimidagi islohotlarni ogʻishmay amalga oshirish kerakligini, aksariyat taʼlim muassasalarida ijtimoiy muhit yaxshi emasligini eʼtirof etdilar. Oliy taʼlimga eʼtibor taraqqiyot strategiyasining muhim oʻzagi va oʻzani. Unda saviya, bilim, taʼlim sifati masalalariga daxldor harakat yoʻnalishlari bor. A. Toshqulov Bahodir Suyunovichning 36 yillik hayoti shu taʼlim dargohida tahsil olish soʻngra masʼul lavozimlarda ishlash bilan kechganligini va bu yerdagi ustoz-u shogirdlarni yaxshi bilishini bu esa rektor sifatida ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishga zamin hozirlashini eʼtirof etdi. Sardor Uktamovich oʻz nutqida boshqaruv kengashi shunchaki kuzatuv kengashi emas, balki, u jiddiy masalalarni birgalikda, hamjihatlikda hal etadigan kengash ekanini alohida uqtirdi.




Keyin esa rektor Mirzayev Bahodir Suyunovich  bildirilgan ishonch uchun oʻzining samimiy minnatdorchiligini izhor qila turib taʼlimiy va tarbiyaviy jarayonni toʻla izga solish, ijobiy koʻrsatkichlarga erishishga vaʼda berdi. Boshqaruv kengashi raisi barcha prorektorlarga murojaat qilib ularning istak va takliflarini eshitdi. Prorektorlar Baxtiyor Xudoyorov, Ruzimurat Choriyev, Tohir Sultonov, Abduhakim Salohiddinov, Baxtiyor Hasanovlar oʻz vazifasi va yoʻnalishi nuqtai nazaridan fikr-mulohazalarini aytib oʻtdilar. Boshqaruv Kengashi raisi rahbarligida oʻtgan yigʻilish, samimiy va doʻstona tarzda kechdi.

 

 

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati