TIQXMMI yangiliklari

img
12.04.2022

Boshlash oson, bog‘lash qiyin

11-aprel kuni universitetimizning 8 - ma'ruzalar zalida tajribali notiq ustozimiz R. Jumaniyozovning navbatdagi "Boshlash oson, bog'lash qiyin" mavzusida nutq madaniyati bo'yicha offlayn dars-mashg'uloti bo'lib o'tdi. Dars jarayonidan shu narsa anglashildiki, talabalarda notiqlik darslariga bo'layotgan qiziqish va ishtiyoq tobora oshib bormoqda. Albatta, bu quvonarli! Chunki, til va nutq barcha sohalarning kaliti, yoshlar esa bunga befarq emas. Ushbu darsda asosan "SXTEB", "QSXET" fakultetlari talabalari hamda ularning tyutorlari qatnashishdi. Bugungi mashg'ulot faqatgina nazariy bo'libgina qolmay, amaliy tarzda, qiziqarli yo‘sinda o‘tdi.

Dars avvalida talabalar o'z tarjimai holini emin-erkin, chiroyli nutqda aytishga kirishdilar va bu urinishlar birinchi galdayoq samarali kechdi. Ular shu vaqtgacha erishgan yutuqlari, qiziqishlari haqida auditoriyaga so'zlab berdilar. Bu mashg'ulot insonga hayajonni yengishda yordam beradi, motivatsiya va ishonch bag'ishlaydi. Shu bilan birga talabalar bir- birini yaqindan tanib, do'stlashishlariga qaysidir ma'noda yordam beradi.

Talaba-yoshlar o'zlari bilgan, yod olgan she'r va hikoyalarni aytib berishi, tinglovchilar esa aytilgan she'r yoki hikoyani tahlil qilishlari talab etildi.

Bu treningda "SXTEB" fakulteti 1- kurs talabasi Zokirjonova Sarvinoz shoira Halima Xudoyberdiyeva qalamiga mansub she'rni ifodali ohangda o‘qib barchani hayratlantirdi. "SXTEB" fakulteti talabasi Mirmahmudov Maxamatjon o'zi mutolaa qilgan qiziqarli va ibratli hikoyalarini auditoriya bilan bo'lishdi.

Keyingi topshiriqda tyutorlar faollik ko'rsatishdi, bunda: "Kiyinish odobi" mavzusi o'rtaga tashlandi. "SXTEB" fakulteti tyutori Hamida Valiyeva bu mavzuda o'z fikrini to'liq va tushunarli yo'sinda yetkazib berdi.

Ustozning ushbu mulohazasi ko‘pchilikka ma'qul keldi. "Gapirish jarayonida bo'shliq, uzoq pauza hosil qilmaslik kerak. Albert Enshteyn hayotni velosipedga óxshatgan. Velosipedni doimo harakatlantirib turish zarur.  Harakatdan to'xtab qolsa o'ngga yoki chapga ag'anab ketishi aniq. Notiqlik ham shunday muntazam ravishda mashqni talab etadi."

Ustoz talabalarni diqqat e'tiborini yanada jalb qilish uchun QSXET fakulteti talabasi Sattarov Sardorni davraga taklif qildi. Sattarov Sardor so'zga chiqdi. Tinglovchilarni o'ziga qaratish uchun savol bilan murojaat qildi: "Muvaffaqiyat nima va unga erishish uchun odamzod nima qilishi kerak?" 

Talabalar o‘z nuqtai nazarlarini bildirib o‘tgach, S. Sattorov savolga javob bera turib oydinlik kiritdi. So‘ngra ustoz mavzuni umumlashtirgan holda uy vazifalarini e'lon qildi.

GM fakultetining 1- bosqich talabasi Madina Rustamova, SXTEB fаkultetining 1-bosqich talabasi Sarvinoz Zokirjonоvalar axboroti

           Universitet matbuot xizmati