"Biz zo’ravonlikka qarshimiz!" mavzusida
Oilaviy zo’ravonlik - o’z ko’lamiga ko’ra global muammo. U turmush darajasi va demokratizatsiya formatidan qat’i nazar, dunyoning barcha mamlakatlarida kuzatiladi. Ayollardan nafratlanuvchi erkaklarni faqat qashshoq yoki badavlat, oliy ma’lumotli yoki ma’lumoti yo’q, yevropalik yo osiyolik deb ajratib bo’lmaydi. Bundaylarning alohida bir millati yo e’tiqodi bo’lmaydi.
Afsuski, O’zbekiston ham bundan mustasno emas. Bizning mamlakatimizda maishiy yoki "uy zo’ravonligi"ga ko’pincha bir oila muammosi sifatida qaralgan. Odamlar bunday muammolarni uydan tashqariga olib chiqmaslikka harakat qilishadi. Aksariyat holatlarda zo’ravonlik qurboni sharmandlik va turli gap-so’zlardan qo’rqib, jim yurishga majbur bo’ladi. Bunday vaziyatda qolgan ayollarning indamasligiga bir necha sabab bo’ladi. Kimlardir moliyaviy yordamsiz qolishdan qo’rqsa, boshqalari farzandlari va o’z hayoti uchun xavfsiraydi.
Zo’ravonlik qurboni bo’lgan ayol har tomonlama qiyin holatda qoladi. Ayniqsa, hatto eng yaqin insonlari ham bu muammoni hal qilishdan o’zini olib qochganda. Oxir-oqibat bu doimiy qo’rquv, depressiya, o’z joniga qasd qilish kabilar bilan tugaydi.
2023 yil 25 oktabrda Institut xotin - qizlar masalalari bo’yicha Kengash raisi Z.Ismailova tashabbusi bilan "Biz zo’ravonlikka qarshimiz" mavzusida umumiy yig’ilish bo’lib o’tdi. Ushbu yig’ilishda Oliy toifali yurist P.Xayitov, Fakultet xotin-qizlar maslahat kengashi raislari va ayol professor-o’qituvchilar hamda talaba qizlar qatnashdilar.
Yurist P.Xayitov - xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish to’g’risida qonunchilik palatasi tomonidan 2019 - yil 17 - avgustda qabul qilingan senat tomonidan 2019 - yil 23 - avgustda ma’qullanganligini va hozirgi kunda xotin-qizlarga nisbatan Zo’ravonlik qilayotgan shaxslarga nisbatan qanday chora ko’rilishi, zo’ravonlikdan jabr ko’rganlarga davlat tomonidan Himoya orderi berilishi to’g’risida ma’lumot berib o’tdi.
Undan tashqari Zo’ravonlikning turlari iqtisodiy zo’avonlik, jismoniy zo’ravonlik, ruhiy zo’ravonlik va tazyiq to’g’risida gapirdi.
Zo’ravonlik - xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o’tkazish yoki bunday ta’sir o’tkazish choralarini qo’llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog’lig’i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g’ayri huquqiy harakatlar to’risida ham ma’lumot berib o’tdi.
Shundan so’ng talaba qizlar tomonidan berilgan savollarning har biriga aniq va to’liq javob berdilar
Z. Xafizova axboroti
Universitet matbuot xizmati