Bitiruvchilar boshqaruv kengashi raisi qo’lidan diplom olishdi
22-iyun kuni soat 18.00 ga yaqinlashganda "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti rektorat binosining kirish qismi o’zgacha tusda bo’ldi. Barcha jamuljam. Rangorang sahna bezaklari va dekorasiyalar bilan muzayyan etilgan. Davra rektorat a’zolari, fakultet jamoasi, professor-o’qituvchilar, talabalar va ularning ota - onalari bilan gavjum.
Birozdan so’ng O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari, Investisiya va tashqi savdo vaziri, "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv Kengashi raisi Sardor O’ktamovich Umurzakov boshchiligida, rektor Bahodir Mirzayev hamrohligida bir guruh mutasaddi rahbarlar kirib kelishadi va ular musiqa va gulduros qarsaklar sadosi ostida o’z joylarini egallashadi.
Orqa tomonda esa bitiruvchilar maxsus libosda terilib turishibdi. Fakultet dekanlari, prorektorlar, hatto rektorda ham maxsus tikilgan libos – mantiya, bu ularning egnida “Bitiruvchi-2022” tadbiriga o’zgacha ruh, o’zgacha shukuh bilan ko’ngilga quvonch bag’ishlaydi. Mirzo Ulug’bek tumani hokimi Ergashev Shavkat Turdiyevich boshchiligida tuman prokurori, tuman ichki ishlar bo’limi boshlig’i va boshqa mutasaddi insonlar ham tadbirda faol ishtirok etishdi.
Avvalo, sobiq va sodiq rektorimiz, professor Umurzakov O’ktam Pardayevich xotirasiga bag’ishlangan videorolik namoyish etildi. So’zga chiqqanlar ustozning ushbu ta’lim dargohi uchun qilgan ezgu ishlarini tilga olib ularni yana bir karra xotirlashdi.
Dastavval, barchani tabriklash uchun sahna markaziga mamnuniyat bilan universitet rektori, professor Mirzayev Baxodir Suyunovich taklif etildi.
U bitiruvchilarni tabriklar ekan, 2018 yilda ilk bor talabalik guvohnomasini, ramziy bilimlar kalitini ustoz O’ktam Pardayevichning qo’lidan olganliklarini va ustozning talabalarni farzandlarim deb e’tirof etgan damlarini eslatdi.
So’ngra O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari, Investisiya va tashqi savdo vaziri, "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv Kengashi raisi Umurzakov Sardor O’ktamovichga so’z berdi.
Sardor O’ktamovich bitiruvchilarga murojaat qilar ekan, Prezidentimizning biz pandemiyadan yanada kuchliroq bo’lib chiqishimiz kerak, bu biz uchun sinov degan fikrlarini yodga oldilar. "O’qish davringiz pandemiyaga to’g’ri kelgan bo’lsa ham siz har xil formatda bilim olishga intildingiz, - deya so’zlarida davom etdi Boshqaruv Kengashi raisi, - bugun esa ana shu harakatlaringizning hosilasi bilan sizlarni tabriklash uchun kelib turibmiz.
Sizlar Milliy tadqiqot universitetining birinchi bitiruvchilari, qaldirg’ochlarisiz. Milliy tadqiqot universiteti degan maqom ham, bunday boshqaruv kengashi ham O’zbekistonda faqat bizda bor, boshqa ta’lim muassasalarida yo’q. Bu sizlarga ham, professor o’qituvchilarga ham mas’uliyat yuklaydi."
So’ngra QSXET VA QXM fakultetlarining bitiruvchilariga tantanali ravishda diplom topshirish marosimi boshlandi. Bitiruvchilar mutaxassislik diplomlarini ayniqsa, Universitet Boshqaruv Kengashi raisi Umurzakov Sardor O’ktamovichning hamda universitet rektori Mirzayev Bahodir Suyunovichlarning qo’llaridan olarkan, o’zlarida ayricha faxr va g’ururni sezishdi.
Diplom topshirish marosimi tugagandan so’ng bitiruvchilarga o’z tilaklarini bildirish uchun universitetimizning yetakchi ustozlaridan Qishloq xo’jaligi mashinalari” kafedrasi dosenti Kamilov Asil Ikramovich va boshqa nufuzli insonlar so’zga chiqishdi.
Iqtidorli bitiruvchi talabalar nomidan esa Davronbek Rasulov minnatdorlik ohangida o’zining samimiy istaklarini bildirdi.
Keyin esa badiiy qism, konsert dasturi boshlandi. Tadbirda bitiruvchi yosh mutaxassislarni tabriklash uchun juda ko’plab onajonlar tashrif buyurishgan. Shu sababli barcha onajonlarimizga atab o’zining bu “Bu mening onam” qo’shig’i bilan estradamizning yorqin yulduzlaridan Malikaxon Ravshanova o’z san’atini namoyish etdi. Universitetning iqtidorli pedagoglaridan Abduhakim Ahmedov ijrosidagi dilbar taronalar ham yig’ilganlarga zavq-shavq ulashdi.
Ayniqsa, dastur nihoyasida universitet psixologi, xor jamoasi rahbari M. Muxamedovaning tashabbusi bilan ta’lim muassasamiz talabasi X. Ro’zmetov she’ri, S. Saidazov musiqasi asosida bastalangan, Abduqodir Alimov va Muhayyoxon Muhammedova tomonidan xor jamoasi bilan birgalikda ijro etilgan “Oliygoh madhi” barchaning hayrati va tahsiniga sazovor bo’ldi.
Bitiruvchi yosh mutaxassislarga kelgusi ishlarida ulkan muvaffaqqiyat va omadlar tilab, jamiyatimizga foydasi tegadigan, Yangi O’zbekistonga, Uchinchi Renessans rivojiga hissa qo’shadigan kuchli kadr bo’lishlariga ishonch bildirildi.
Rahimboy Jumaniyozov
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti dosenti, Matbuot xizmati rahbari