TIQXMMI yangiliklari

img
04.04.2022

Bir talabaga bir koʻchat

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” MILLIY TADQIQOT UNIVERSITETIning Gidromelioratsiya fakulteti dekanati va fakultet Yoshlar ittifoqi, fakultet talaba yoshlarining ekologiyaga oʻz hissalarini qoʻshish hamda har bir insonning bajarish kerak boʻlgan burchlaridan biri hisoblangan nihol o’tqazishni nazarda tutgan holda,  2022 - yil 3 - aprel kuni fakultet talabalari oʻrtasida “Bir talabaga- bir koʻchat” aksiyasi oʻtkazildi.

Ushbu ijodiy tashabbus va ijobiy harakat Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusning naqadar hayotbaxshligi va ijrosi borasida ham ahamiyat kasb etishi aniq.

Fakultet talabalari universitetimiz avtobusida va qoʻshimcha mashinalarda erta tongda Universitetning Toshkent viloyati Oʻrta chirchiq tumanida joylashgan amaliyot oʻquv markaziga yetib borishdi. Talaba yoshlar musaffo osmon ostida 400 tub terak ko’chatini charchoq bilmay yerga oʻtqazdilar. 50 tub oq tut va 50 tub qoratut koʻchatlarini kun issiq boʻlishiga qaramasdan savobli ishni kechiktirmaslik maqsadida ishni jadallik bilan davom ettirib yakunlashdi.

Shuningdek, talabalar yomgʻirlatib, tomchilatib sugʻorish texnologiyalarining qanday ishlashi bilan yaqindan amaliy tanishdilar.

Aksiya yakunlangach talabalar turar joyiga ko’tarinki kayfiyat bilan qaytib kelishdi. 4-Talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talaba qizlar turli xil shirinliklar, mevalar, salatlar hamda bahoriy taomlar tayyorlashdi. Aksiyada ishtirok etgan talabalarni koʻtarinki ruhda kutib olishdi shu bilan  kechga iftorlik dasturxoni yozildi.

TTJda barcha talaba yoshlar ustozlari bilan birgalikda iftorlik qilishdi.

Universitet matbuot xizmati