TIQXMMI yangiliklari

img
28.02.2023

Aura bu – energiya maydoni

TIQXMMIMTU SXTEB fakulteti 1-kurs 102-118-guruh  talaba yoshlari bilan   universitet psixologi  M.K.Muxamedova va SXTEB fakulteti tyutori M.Vafoyevalar hamkorlikda «Inson aurasi himoya kuchini tiklash» mavzusida tadbir tashkil etdilar. Tadbir talabalarga inson aurasi to'g'risida ma'lumot berish orqali tanani salbiy energiyadan himoyalash, sog'lom energiya maydonini shakllantirish, energiya markazlarini birlashtirish, stressli vaziyatlardan qutulish, jismoniy jihatdan kasallikka beriluvchanlikni oldini olish yo'l-yo'riqlari haqida tavsiyalar berish maqsadida tashkil etildi. Universitet psixologi M.K.Muhammedova inson aurasi nima va uning inson hayotidagi o'rni haqida ma'ruza qildi. Ma'ruza davomida himoya kuchini yo'qotgan aurani tiklash borasida talabalarga qiziqarli ma'lumotlar va tavsiyalar berib o'tdi va jumladan: “Doimiy stresslar, baland ovozdagi so'zlashuvlar, hattoki salbiy fikrlar oqibatida ham inson aurasi o'zining himoya kuchini yo'qotadi va parchalanish xavfi bilan ham to'qnash keladi. Shu tariqa insonlar salbiy fikrlarga nisbatan ta'sirchan,stressli vaziyatlarda o'ta zaif, jismoniy jihatdan kasallikka beriluvchan bo'lib qolishadi. Ushbu himoya kuchini qayta tiklash mumkin, buning uchun aurani oddiygina mashqlar yordamida tozalab olish mumkin. Masalan sokin va chiroyli musiqa insonning aurasinigina emas, uydagi muhitni ham tozalashi mumkin. Yoqimli musiqa tanlab oling-da, uni janjal yoki munozarali suhbat o'tkazilgan xonada 10 daqiqa davomida yoqib qo'ying va natijasini kuzating. Salbiy xayollardan qutulish uchun bergamot, apelьsin, kedr efir yog'laridan foydalaning.

Bu yog'lar salbiy xayollardan insonni chalg'itib, stressdan qutulishga yordam beradi. Har tong va kechki vaqtda surtadigan biror kremingiz tarkibiga 1-2 tomchi efir yog'idan qo'shing.   Tanangizdan taralib turgan mayin ifor aurani tozalashda juda qo'l keladi. Inson aurasini tozalash va qayta tiklashdagi muhim jihatlardan yana biri – shukronalik hissidir. Hayotingizda mavjud narsalar, qo'lingizda bor imkoniyatlar uchun shukrona keltirib, duo qiling. Buni so'z bilan ifodalash shart emas, barchasini xayoldan o'tkazsangiz, ichichingizdan his qilib, so'zsiz duo qilsangiz ham bo'ladi. Shukronalik hissi ortidan o'zingizni juda yengil his qilishni boshlaysiz”, deya so'z navbatini SXTEB fakulteti tyutori M.Vafoyevaga berdi. M.Vafoyeva nafaqat o'z ishiga fidoyi tyutor balkim notiqlik san'atini o'zida mujassam eta olgan tadbirli va mohir pedagoglarimizdan biri ekani barchamizga ayon. U o'z nutqida inson aurasiga meditatsiyaning ta'siri va auraning tabiat bilan bog'liklik jihatlari borasida so'zlab o'tdi va: “Meditatsiyaning foydasi haqida shifokorlar ham ko'p bora ta'kidlaganlar. U ongni salbiy fikrlardan himoya qilish bilan birga organizmga ko'proq diqqat qaratish, atrofdagi sodir bo'layotgan hodisalar bilan birga yashash uchun imkon beradi. Kuniga hech bo'lmaganda 20 daqiqa meditatsiya bilan shug'ullanish inson aurasini mustahkamlashga juda katta foyda beradi. Tabiat manzaralari - inson qalbining eng yaxshi davosidir. Shuning uchun har kuni 15 daqiqa bo'lsa ham sokin joyda sayr qiling. Bu istirohat bog'i, daryo qirg'og'i yoki ko'l atrofi bo'lishi mumkin”, deya inson aurasini mustahkamlashga doir iziqarli ma'lumotlar berib o'tdi. Tadbir savol-javob tarzida qiziqarli tarzda olib borildi. Barcha talabalar o'tkazilgan seminardan o'zlari uchun foydali ma'lumotlar olishgan holda tadbir nihoyalandi. 

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati