TIQXMMI yangiliklari

img
12.03.2022

Alangaga aylangan ijod sohibi

Fasllar kelichagi - Bahor yashillik, uyg’onish fasli, o’z o’rnida aytish kerakki, yomg’irlarga serob mavsum. 9-mart kuni garchi ob-havo yomg’irli bo’lishiga qaramasdan O’zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning “Adiblar xiyoboni”da joylashgan haykali qoshiga “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “Qishloq va suv xo’jaligi energiya ta’minoti” fakulteti professor-o’qituvchilari, talabalari hamda tyutorlari tashrif  buyurishdi. Tadbirni ochib berish uchun fakultet dekan o’rinbosari Alisher Mutalov so’zga chiqdi va shoirni yod oldi. Shoir ijodidan namunalar 109-guruh talabasi To’qsonov Jasurbek, 108-guruh talabasi Qudratov Abror hamda 203-guruh talabasi Jo’raqulova Durdonalar tomonidan maroq ila o’qib berildi. Tyutor Nuraliyeva Zilola tomonidan ham  shoirning “Onajon” she’ri mahorat ila o’qib, eshittirildi.

Ka'ba qopqasida turgan, ey posbon,

Avval onalarning ochgin yo'llarin.

Onalar poyiga tiz cho'k o'shal on,

Tavof qil, ko'zga surt, o'pgin qo'llarin

Hojar onamizning nidosi sabab

Ka'bada ko'z ochgan Obi Zam-zam ham.

Bir umr talpinmish onaga qarab,

Ne-ne payg'ambarlar ko'zlarida nam.

Sharros quyayotgan yomg’ir ostida, o’zgacha ko’tarinki ruhda bo’lib o’tgan davra tadbiridan barcha ma’naviy hordiq oldi. Muxlislari qalbida yashayotgan shoirimizning oxiratlari obod bo’lsin Ilohim! Kundan - kunga xalq ehtiromi ila yanada gurkirab, o’chmas bo’lib yonayotgan alangali ijod sohibi qalbimizda mangu yashajak.

                Universitet matbuot xizmati