TIQXMMI yangiliklari

img
22.04.2024

“Agroinjeneriya va yashil infratuzilma yechimlari (AEGIS-2024)” IV halqaro konferensiyasi

2024 yil 20 aprel kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida Ayova shtati universiteti, Shimoliy Dakota shtati universiteti, Ogayo shtati universiteti (AQSH), Ondokuz Mayis universiteti va Ekologik qishloq xo‘jaligini tashkil etish assosiatsiyasi (Turkiya), Malayziya texnologiya universiteti (Malayziya), Angel Kinchev nomidagi Rusen universiteti (Bolgariya), Seyfulin nomidagi Qozog‘iston agrotexnologiyalar universiteti va Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti (Qozog‘iston) olimlari bilan hamkorlikda “Agroinjeneriya va yashil infratuzilma yechimlari” mavzusidagi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha an’anaviy xalqaro AEGIS-2024 konferensiyasi tashkil etildi.

Anjumanda shuningdek, Germaniyaning Xoxenxaym universiteti va Geyzenxaym universiteti, Hindistonda joylashgan Jahon agroo‘rmon va o‘rmon tadqiqotlari halqaro markazi (CIFOR-ICRAF), Eronning Tabriz universiteti, Bangladeshning Daffodil halqaro universiteti va Xoji Muxammad Danesh fan va texnologiya universiteti olimlari ham qatnashishdi. Konferensiyada qishloq xo‘jaligi texnikasi va energetika vositalari, yashil energiya tizimlari, qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirish, tuproq melioratsiyasi va ishlov berish texnologiyalari, biomuhandislik va chiqindilarni qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va konservatsiya qilish, tabiiy resurslar va geotexnikaviy muhandislik yo‘nalishidagi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi va muhokama etildi. Konferensiya to‘plamiga qabul qilingan eng yaxshi ilmiy maqolalar Skopus xalqaro bibliografik va abstrakt ma’lumotlar bazasiga kiritilgan jurnallarda chop etilishi belgilab olindi.

“Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalari” kafedrasi dotsenti A.Borotov axboroti

Universitet matbuot xizmati