Abdulla Oripovni xotirlab
Joriy yilning 18 - aprel sanasida “TIQXMMI” MTU "Gidromelioratsiya" fakultetining she’riyatga, adabiyotga qiziqqan bir guruh talabalari “Adiblar xiyoboni"ga tashrif buyurdilar.
U yerda A. Oripov haykali oldida ma’naviy-ma’rifiy, sport tadbirlari tashkil qilindi. Tadbirni “Gidromelioratsiya” fakulteti dekani J. Ishchanov A. Oripovning she’rlari bilan ochib berdi. Tadbirda fakultetning Yoshlar masalalari, ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo’yicha dekan o’rinbosari O. Ro‘zibaev, tyutorlar ham faol ishtirok etishdi. Yozuvchilar uyushmasida bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan A. Oripovning kenja farzandlari R. Oripova o‘zining chiroyli so‘zlari hamda otalari yozib qoldirgan she’rlari bilan tadbirga yanada ko‘rk bag‘ishladi. Shoirning ilk yozib qoldirgan “Mitti yulduz” (1965y) kitobini kelib chiqish tarixini qiziqarli qilib so‘zlab berdi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa talabalarimiz sportning shaxmat, shashka, voleybol, tennis turlari bilan musobaqalashishdi.
Tarix falsafasi xalqimizning taqdiri — o‘tmishi, buguni va ertasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Abdulla Oripov she’riyatining falsafiy mazmuni, estetik go‘zalligi xalqimiz tabiatidagi yuksak insoniylik-gumanizm, (ezgulik, adolat, go‘zallik va hk.) himoya qilish va ulug‘lashdan iborat. Shoir ijodi, shu jumladan, tarixiy mavzudagi she’rlari, dostoni va she’riy dramasi hayotiyligi, xalqchilligi bilan barchaga manzurdir. Bu buyuk siymolarni eslash, ular qoldirgan she’r va asarlarni doimiy yodga olish o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun juda muhim va zarurdir.
“Gidromelioratsiya” fakulteti tyutori Gulchehra Axmedjanova axboroti.
Universitet matbuot xizmati.