“8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni” tarixi
2024 yil 2 martda «YER RESURSLARI VA KADASTR» fakulteti talaba qizlar istiqomat qilayotgan 4-TTJ da “8-Mart Xalqaro xotin-qizlar kuni” tarixi mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Yurtimizda yosharish – yangilanish fasli bahor bayramlar bilan boshlanadi. Bahorning ilk bayrami “8-Mart Xalqaro xotin-qizlar kuni” tarixiga bir nazar tashlasak. Ma’lumotlarga ko’ra, “ayol" arabcha so’z bo’lib, “oila" kalimasi bilan o’zakdoshdir. Biroq 8-Martga nisbatan “ayol" so’zi emas, balki “xotin-qizlar" degan so’z keng qo’llaniladi. Ushbu kunning o’tmishiga nazar tashlaydigan bo’lsak, xotin-qizlar bayrami ularning o’z huquqlari uchun kurashish kunidan kelib chiqqaniga guvoh bo’lishimiz mumkin.
1910-yili Kopengagenda o’tgan xalqaro konferentsiyada 8-mart kunini xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida nishonlash taklifi ko’tarildi. Shundan so’ng ko’pgina mamlakat ayollarining jamiyatda faollashuvi boshlanadi. Ular mehnat huquqi va hurmatiga ega bo’lish, kambag’allikka qarshi hamda tinchlik uchun kurash olib boradilar. 8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni 1965-yildan boshlab dam olish kuni deb belgilandi. Shu kunda hukumat tantanali tadbirlarda ayollarga nisbatan davlat siyosatining amalga oshirayotgan ishlari to’g’risida hisobot berardi. Asta-sekin xalqaro xotin-qizlar kuni ayollarning o’z huquqlarini talab qilganliklari uchun emas, balki ularni qadrlash, hurmat qilish va e’zozlash kuni sifatida nishonlana boshlandi. Shuning uchun ham har yili 8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni bayram sifatida nishonlanadi va dam olinadi.
"YRK" fakulteti Xotin-qizlar masalalari bo'yicha dekan maslahatchisi Z.Xafizova axboroti
Universitet matbuot xizmati